Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida koʻmir va texnik chigit narxi pasaydi

Oʻtgan hafta mobaynida birjada jami 1 trln 947,6 mlrd soʻmlik tovar resurslari sotildi.

Foto: “steamgifts.com”

“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” ochiq savdolarida 10–16 yanvar kunlari jami 1 trillion 947,6 milliard soʻmlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.

Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻygan. Oʻtgan haftada birja savdolarida 27 ming 154,0 tonna qora metall qoʻyilgan va ulardan 17 ming 352,0 tonnasi, yaʼni 63,9 foiz qismi sotilgan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 163 xaridor ishtirok etib, oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 3470,4 tonnani tashkil qilgan.

Koʻrib chiqilayotgan davrda barcha markadagi qora metallning kunlik oʻrtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9 million 287,2 ming soʻmdan 9 million 261,3 ming soʻmgacha pasaygan.

Shuningdek, birjaning koʻmir bozorida ham narxlar pasayishi qayd etilgan. Hafta davomida birja savdolari orqali 4544,0 tonna koʻmir sotilgan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 8 xaridor ishtirok etgan.

Koʻrib chiqilayotgan davrda koʻmir boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 261,2 ming soʻmdan 250,2 ming soʻmgacha, yaʼni 4,2 foizga pasaygan.

Oʻtgan hafta mobaynida birja savdolariga 19 ming 137,0 tonna texnik chigit qoʻyilgan va ulardan 18 ming 75,0 tonnasi, yaʼni 94,5 foiz qismi sotilgan. Mahsulotning oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 3,6 ming tonnani tashkil qilgan.

Koʻrib chiqilayotgan davrda texnik chigit boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 million 70,2 ming soʻmdan 3 million 975,6 ming soʻmgacha, yaʼni 2,3 foizga pasaygan. Oʻtkazilgan savdolarda har kuni oʻrtacha 31 xaridor ishtirok etgan.

Avvalroq Oʻzbekiston aholisiga yanvar-fevral oylarida qoʻshimcha koʻmir yetkazib berilishi xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda 11 oyda qancha koʻmir ishlab chiqarilgani ochiqlandi.