Maxsus komissiya qaroriga koʻra, Oʻzbekiston aeroportlarida koronavirus uchun majburiy test sinovlari joriy etildi. Ushbu talab faqat mamlakatga kelayotganlarga tegishli. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, COVID-19ʻga qarshi kurashish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2022 yil 11 yanvardagi bayonnomasiga asosan Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari koʻpayishi va “omikron” shtami aniqlangani sababli mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Xususan, 15 yanvardan boshlab Davlat bojxona qoʻmitasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi xizmati bilan birgalikda Oʻzbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib kelish zallarida ekspress-test punktlarini tashkil etadi. Kelgan barcha fuqarolar koronavirus uchun ekspress testdan oʻtishlari kerak boʻladi.
Xabarga koʻra, test sinovidan oʻtish qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha soʻm ekvivalentida 5 dollar miqdorida belgilanadi. Talabalik guvohnomasi boʻlgan talabalarga 50 foiz chegirma beriladi. I va II guruh nogironlari test sinovlarini bepul topshiradi. Ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni kovid uchun tekshirish shart emas.
Maʼlum qilinishicha, koronavirusga test topshirish Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy laboratoriyasi tomonidan oʻtkaziladi. Barcha aeroportlarda buning uchun maxsus zonalar, kartalar bilan toʻlovlarni qabul qilish uchun terminallar, naqd pul olish uchun bankomatlar va valyuta ayirboshlash punktlari mavjud.
Toʻlovni amalga oshirib, kvitansiyani olgan yoʻlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri sinovga yuboriladi, shundan soʻng pasportga shtrix-kod yopishtiriladi. Sinov natijalarini olish uchun taxminan 15 daqiqa vaqt ketadi.
Bu vaqt ichida yoʻlovchi yuklarini olib, bojxona nazoratidan oʻtishga ulgurishi mumkin. Terminaldan chiqishda shtrix-kod skanerdan oʻtkaziladi va yoʻlovchi tezkor koronavirus testi natijasini oladi. Agar test ijobiy natija bersa, yoʻlovchi izolyatsiyaga olinadi.
Taʼkidlanishicha, yoʻlovchilar olinganiga 48 soatdan koʻp boʻlmagan PSR testining salbiy natijasi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlishi kerakligi haqidagi qoida hali ham barcha aviakompaniyalarda amal qilmoqda.


