Oziq-ovqat narxlarining 2021 yildagi oshish tendensiyasi 2022 yilda ham davom etadi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
2021 yildagi ekstremal ob-havo hodisalari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarining keskin koʻtarilishiga olib kelgan. Narxlar 2022 yilgacha yuqoriligicha qolmoqda, chunki ekinlarga zarar yetkazayotgan noodatiy sharoitlar doimiy tanqislikka olib keldi.
Braziliya qahvasi, Belgiya kartoshkasi va protein oʻrnini bosuvchi sifatida talabgir boʻlgan Kanada sariq noʻxati kabi tovarlar narxi 2021 yili yuqori harorat va suv toshqini tufayli keskin koʻtarilgan.
Olimlarning ogohlantirishicha, iqlim oʻzgarishi tezlashgani sari bunday holatlar koʻpayadi.
Shuningdek, 2021 yilda shakar va bugʻdoy kabi asosiy mahsulotlar narxining oshishiga pandemiya oqibatida kelib chiqqan logistika muammolari va isteʼmol odatlarining oʻzgarishi ham sabab boʻlgan.
Stokgolm atrof-muhit instituti hisobotiga koʻra, qishloq xoʻjaligi iqlim oʻzgarishiga eng taʼsirchan tarmoqlardan biri boʻlib, u ekstremal ob-havo hodisalari va iqlim sharoitidagi uzoq muddatli oʻzgarishlar havfi ostida qolmoqda.
2021 yilning oʻrtalarida ham butun dunyo boʻylab sodir boʻlgan ekstremal ob-havo hodisalari bir qator ekinlarga zarar yetkazgan va bu narxlarning oshishiga olib kelgandi.
Qayd etilishicha, iyul oyida Braziliyadagi qattiq sovuqlar mamlakatda qahva yetishtirish jarayoniga taʼsir qilib, narxlarni qariyb yetti yillik maksimal darajaga koʻtargan. Global taʼminot zanjirining uzilishi va konteyner kemalarining yetishmasligi ham yil oxirida narxlarning oshishiga olib kelgan.
Kanadada esa 2021 yilning oʻrtalarida avval kuzatilmagan issiqlik toʻlqini va qurgʻoqchilik ishlab chiqarishga taʼsir qilgan va noʻxat narxini keskin oshirgan. Mazkur mamlakatda noʻxatning narxi ikki baravardan koʻproq oshgan. Bu esa oʻz navbatida noʻxatdan oʻsimlik asosidagi goʻsht oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqaruvchilarga taʼsir qilgan.
Belgiya kartoshkasining narxi ham qitʼaning yozida Yevropaning katta hududlarini suv bosganidan keyin koʻtarildi.
Stokgolm atrof-muhit instituti tadqiqotchilari oʻz hisobotida iqlim oʻzgarishi butun dunyo boʻylab qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga keskin taʼsir koʻrsatishini va maʼlum hududlarda hosildorlikni kamaytirishini qayd etgan.
Xisobotga koʻra, past hosildorlik va yuqori narxlar kamroq bardoshli, importga qaram boʻlgan mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligini pasaytirishi va butun dunyo boʻylab isteʼmolchilar uchun qoʻshimcha xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Mamlakatlarning ekstremal hodisalar va tanqisliklarga qarshi zaxiralar toʻplash yoki savdo cheklovlarini joriy etish kabi siyosati esa inqirozlarni kuchaytirishi mumkin.


