Fevral oyida jahon oziq-ovqat narxlari rekord darajaga yetdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning hisobotida maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, fevral oyida jahon oziq-ovqat narxlari tarixiy rekordga erishdi. Oʻsimlik moylari va sut mahsulotlari narxi eng koʻp oshgan.
Eng ommabop oziq-ovqat mahsulotlariga jahon narxlarining oylik tebranishlarini kuzatish imkonini beruvchi FAO oziq-ovqat narxlari indeksining oʻrtacha qiymati fevral oyida 140,7 punktni tashkil etdi. Bu yanvar oyiga nisbatan 3,9 foizga va 2021 yilga nisbatan 24,1 foizga yuqoridir.
“Oziq-ovqat narxlari indeksi oy oxiridagi narxlarning oʻrtacha oʻzgarishini aks ettirgani sababli, fevral oyidagi qiymat Ukrainadagi mojarodan kelib chiqadigan bozorlar uchun oqibatlarini faqat qisman hisobga oladi”, deyiladi press-relizda.
Qayd etilishicha, palma, soya va kungaboqar yogʻlarining kotirovkalari oshishi hisobiga oʻsimlik moyi narxlari indeksining qiymati eng koʻp oshgan (yanvarga nisbatan 8,5 foizga). Gʻarbiy Yevropa va Okeaniyada sut yetkazib berishning pastligi, shuningdek, barqaror import talabi, ayniqsa, Shimoliy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida sut mahsulotlari narxlari indeksining oʻrtacha qiymati yanvar oyiga nisbatan 6,4 foizga yuqori boʻlgan.
Yem-xashak donlarining kotirovkalari oʻsishi tufayli don narxi indeksi 3 foizga oshdi. Janubiy Amerikada ekin oʻsishi uchun noqulay sharoitlar, bugʻdoy narxining koʻtarilishi va Ukrainadan makkajoʻxori yetkazib berish boʻyicha noaniqlik tufayli xalqaro makkajoʻxori narxi 5,1 foizga oshdi.
Qora dengiz portlaridan yetkazib berish bilan bogʻliq noaniqlik tufayli bugʻdoyning jahon narxlari 2,1 foizga oshdi. Shu bilan birga, 2021 yilda jahonda don yetishtirish hajmi 2796 million tonnani tashkil etadi, bu 2021 yilga nisbatan 0,7 foizga koʻpdir. FAOʻning 2022 yil uchun narxlar prognoziga koʻra, dunyoda bugʻdoy ishlab chiqarish 790 million tonnagacha koʻtarilishi mumkin.
Guruchning xalqaro narxlari ayrim eksportyorlar valyutalarining AQSH dollariga nisbatan qimmatlashishi hisobiga 1,1 foizga oshdi. Goʻsht narxining oʻrtacha indeksi yanvar oyiga nisbatan 1,1 foizga yuqori boʻldi. Shakar bahosi indeksining qiymati asosiy eksport qiluvchi mamlakatlarda qulay hosil prognozlari fonida 1,9 foizga kamaydi.
Avvalroq Yevropada gaz narxi tarixiy rekord darajaga koʻtarilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Ukrainadagi harbiy amaliyotlar fonida alyuminiy narxi tarixiy maksimumni yangilagani haqida xabar berildi.


