Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Deputatlar ayrim mahsulotlarni QQSdan ozod qiluvchi qonunni qabul qildi

Qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Foto: “RIA Novosti”

Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilingan.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, soya danagini olib kirish, oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha aylanma 2022 yil 30 aprelga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu imtiyozlar goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma va ularni olib kirishda ham qoʻllaniladi. 

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻlaqonli va uzluksiz taʼminlashga, narx barqarorligini saqlashga, aholi daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.