Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati mamlakatga olib kiriladigan ayrim mahsulotlarni QQSdan ozod qilishni koʻzda tutuvchi qonunni maʼqulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqilgan.
Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Taʼkidlanishicha, Soliq kodeksiga Oʻzbekiston hududiga oʻsimlik yogʻi, mol, qoʻy va tovuq goʻshti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish va realizatsiya qilish boʻyicha aylanma 2021 yil 10 oktyabrdan 2022 yil 30 aprelga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda.
Shuningdek, kiritilayotgan yangiliklar orqali fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kuchaytirilmoqda. Yaʼni, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunda nogironlik pensiyalari I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, shuningdek Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib boʻlish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ham tayinlanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqi berilmoqda.
Qayd etilishicha, respublika hududida karantinli vaziyat yuzaga kelib, cheklov choralari qoʻllanilgan taqdirda, fuqarolar pensiya tayinlashni soʻrab oʻz vaqtida murojaat eta olmay, cheklovlar tugatilganidan keyin bir oy ichida murojaat etsa, ularga pensiya olish huquqi yuzaga kelgan kundan eʼtiboran pensiya tayinlanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtini ish stajiga qoʻshib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga oʻzgartirilmoqda.
Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishga koʻra avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgartirish bilan Savdo-sanoat palatasiga mahalliy xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.
Avvaloq Deputatlar ayrim mahsulotlarni QQSdan ozod qiluvchi qonunni qabul qilgani haqida xabar berilgandi.


