Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Qozogʻistondagi tartibsizlik: mamlakatda oziq-ovqat zaxirasi yetarlimi?

Vazirlik ayni paytda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi yetarli ekanini maʼlum qildi.

Foto: AP/TASS

Qozogʻistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli zaxiralari mavjud, rasmiylar ularni uzluksiz taʼminlash bilan shugʻullanmoqda. Bu haqda respublika Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar koʻplab hududlarda savdo sohasida vaziyat barqaror, chakana savdo obyektlari faoliyati odatdagidek davom etmoqda. Talonchilik oqibatida jabr koʻrgan Olmaota, Toldiqoʻrgʻon, Uralsk, Chimkent va Taraz shaharlaridagi bir qator savdo obyektlari bundan mustasno.

Shu bilan birga, vazirlik ayni paytda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi yetarli ekanini maʼlum qildi.

“Oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Matbuot xizmati, shuningdek, oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishi bilan bogʻliq xavotirga asos yoʻqligini taʼkidladi.

“Savdo obyektlari faoliyatida oziq-ovqat mahsulotlariga narxlarni belgilashda chayqovchilik ham chiqarib tashlanadi va yoʻl qoʻyilmaydi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, vazirlikka fuqarolardan oziq-ovqat uchun toʻlovni toʻlov kartalari va onlayn rejimda amalga oshira olmaslik yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushayotgani maʼlum qilindi.