Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Oʻzbekistonda ayrim OTMlarga moliyaviy mustaqillik berildi

Prezident “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Foto: Twitter/@FerPolytechIn

Oʻzbekistonda ayrim oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 24 dekabr kuni “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi. 

Hujjat bilan Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat oliy taʼlim muassasalari (OTM) roʻyxati tasdiqlandi.

Moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat OTMlariga 2022 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi masalalar boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi:

  • toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash;
  • talabalarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
  • taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-oʻqituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
  • oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini belgilash;
  • professor-oʻqituvchilar shtat birliklarini kiritish meʼyorlarini ishlab chiqish;
  • oʻz mablagʻlari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
  • xorijiy davlatlardan oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalarni mualliflik huquqi boʻlgan ishlab chiqaruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish;
  • boʻsh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilash;
  • avtotransport vositalarining yoʻl bosish yillik limiti va ularga xizmat koʻrsatish talablarini belgilash.

Shuningdek, mazkur OTMlariga Prezidentning 2019 yil 11 iyuldagi qaroriga asosan oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan OTMlariga berilgan vakolat va huquqlar tatbiq etiladi. 

Bunda:

  • moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat OTMlari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan byudjet mablagʻlarini oluvchi davlat tashkiloti hisoblanadi;
  • talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati OTM tomonidan taʼlim xizmatlari bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi. U tegishli yoʻnalish boʻyicha davlat OTMlarida belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq boʻlmagan miqdorda boʻlishi kerak;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari kesimida qabul shartlarida toʻlov-kontrakt qiymati tabaqalashtirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.

Hujjat bilan koʻrsatilgan OTM kuzatuv kengashlarining asosiy vakolatlari ham belgilangan.

Uch oy muddatda davlat OTMlari talabalari uchun elektron shartnomalar tuzish, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish xarajatlarini onlayn toʻlash va mablagʻlar hisobini yuritish boʻyicha yagona axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda Moliya vazirligi va MBning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi taʼminlanadi. Unga ulanish idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha davlat OTMlari uchun majburiy hisoblanadi.

Prezidentning 2021 yil 30 sentyabrdagi farmoni 3-bandida nazarda tutilgan bojxona bojidan ozod qilish boʻyicha imtiyoz oʻquv hamda ilmiy laboratoriya jihozlari, maxsus asbob-uskunalar, oʻquv, ilmiy-metodik adabiyotlar, oʻqitishning texnik vositalari, multimedia mahsulotlarini olib kiruvchi barcha yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.