“Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga koʻra:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, u muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yoʻnalishlariga ixtisoslashtiriladi
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, madaniy meros obyektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yoʻnalishlariga ixtisoslashtiriladi.
Universitetlarda oʻquv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kredit-modul tizimi asosida olib boriladi va ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Universitetlar tuzilmasida strategik rivojlantirish boʻyicha birinchi prorektor lavozimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, 2023 yil 1 martga qadar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro taʼlim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtiriladi.
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Texnopark, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etiladi.
Avvalroq Toshkentda Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti ochilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti tashkil etilgani xabar berildi.


