Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

DSQ ijarada yashovchi talabalarda soliq majburiyati yuzaga kelmasligini maʼlum qildi

Ijara shartnomalarini elektron hisobga qoʻyish uchun “Ijara.soliq.uz” elektron xizmati ishlab chiqilgan.

Foto: “scspa.com”

Oʻzbekistonda talabalar ijarachining daromad soligʻini toʻlashga majbur boʻlayotgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan Davlat soliq qoʻmitasi rasmiy bayonot berdi.

Maʼlum qilinishicha, koʻchmas mulk obyektlarini talabalarga ijaraga berishda daromad oluvchi mulk egasi boʻlib, Soliq kodeksining 375-moddasiga muvofiq bunday daromad jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari hisoblanadi.

Mazkur kodeksning 85-moddasiga asosan soliqlarni oʻz vaqtida toʻlash ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarning majburiyati hisoblanib, natijada ijarada turuvchi talabalarda soliq majburiyati yuzaga kelmaydi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uy-joylarini talabalarga ijaraga berish faoliyati boʻyicha olgan daromadlarini soliqdan ozod etish yuzasidan Soliq kodeksining 378-moddasiga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis tomonidan koʻrib chiqilib, birinchi oʻqishda qabul qilingan va 2022 yil 1 yanvardan amaliyotga tatbiq etiladi.

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan talabalar va turar joyini ijaraga beradigan fuqarolar uchun qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi 595-son qaroriga asosan ijara shartnomalarini elektron hisobga qoʻyish uchun «Ijara.soliq.uz» elektron xizmati ishlab chiqilgan.

Mazkur elektron xizmat tizimi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilinib, talabalarning barcha maʼlumotlari avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda koʻchmas mulk obyektlarini talabalarga ijaraga berayotgan jismoniy shaxslarning olgan daromadlarini soliqdan ozod qilinishi ham avtomatik tarzda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Xabarga koʻra, ushbu xizmat turi test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtkazilgan va 2022 yil 1 yanvardan toʻliq ishga tushiriladi.

Avvalroq Oʻzbekistonda talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalarini E-ijara tizimiga kiritish mumkin boʻlishi haqida xabar berilgandi.