Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Toshkentda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganlarga uy-joy xarid qilish uchun qancha pul ajratilgani maʼlum boʻldi

Jami 173 ta uy xarid qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahrida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun uy-joy xarid maqsadida respublika va mahalliy byudjetlardan jami 29 milliard 583 million soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 9 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Dilorom Toshmuhamedova boshchiligida yigʻilish tashkil etilgan. Yigʻilishda 2021 yilda Toshkent shahrida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun uy-joy xarid qilishning maqsadli parametrlari ijrosi tahlil etilgan.

Taʼkidlanishicha, Prezidentning “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining maqsadli parametrlariga asosan 2021 yil davomida Toshkent shahrida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun jami 173 ta uy-joy xarid qilish belgilangan. Ushbu uylar uchun jami 29 milliard 583 million soʻm mablagʻ nazarda tutilib, shundan 14 milliard 792 million respublika byudjetidan, 14 milliard 792 million esa mahalliy byudjetdan ajratilishi rejalashtirilgan.

Toshkent shahar hokimligi maʼlumotiga koʻra, 2019–2021 yillar davomida 149 nafar chin yetimga uy-joylar ajratilgan. Biroq, yuqorida qayd etilgan maqsadli parametrlar uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilmagani tanqidiy muhokama etilgan.

Qayd etilishicha, yigʻilishda yetim bolalarni uy-joy bilan taʼminlashdagi muammo va kamchiliklar tahlil etilib, senatorlar tomonidan uni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Shuningdek, yigʻilish davomida uyga muhtoj yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar doimiy monitoring qilib borilishi taʼkidlangan.

Muhokamalar yakunida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda doimiy parlament nazorati oʻrnatilishi qayd etilgan.

Avvalroq Prezidentning yetim qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga oid farmoniga oʻzgartish kiritilgani xabar qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni xonadon bilan taʼminlash tartibi belgilangani haqida xabar berildi.