Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Dunyo boyliklarining milliarderlar qoʻlidagi ulushi rekord darajaga koʻtarildi

Pandemiya mulkiy tengsizlikni sezilarli darajada oshirib yubordi.

Foto: “funart.pro”

Fransiyaning dunyodagi tengsizlikni oʻrganuvchi World Inequality Lab tadqiqot tashkiloti 2022 yilgi World Inequality Report (“Jahon tengsizlik hisoboti”)ni eʼlon qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, pandemiya mulkiy tengsizlikni sezilarli darajada oshirib yuborgan. 2750ga yaqin milliarder butun dunyo boyliklarining 3,5 foizini nazorat qiladi, 1995 yilda esa bu ulush atigi 1 foizni tashkil etgan.

Tadqiqotga koʻra, pandemiya davrida global boylik tengsizligi rekord darajada oʻsgan. Yer yuzidagi barcha kambagʻallarga tegishli mulkning yarimi dunyodagi eng boy odamlar mulkining atigi 2 foiziga teng.

Daromadlar tengsizligining eng yuqori darajasi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada qayd etilgan, bu yerda aholining eng boy 10 foizi mintaqa umumiy daromadining deyarli 60 foiziga egalik qiladi. Keyingi oʻrinlarda Sahroi Kabirdan janubroqdagi Afrika (57 foiz), Lotin Amerikasi (55 foiz) hamda Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo (53 foiz) qayd etilgan.

Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolarning eng badavlat 10 foizi jami daromadning 48 foiziga, Shimoliy Amerikada esa 45 foiziga egalik qiladi. Mulkiy tengsizlik Yevropada eng kam qayd etilgan — aholining eng badavlat 10 foizi umumiy daromadning 36 foiziga egalik qiladi.

Avvalroq Forbes dunyoning eng nufuzli ayollari reytingini eʼlon qilgani haqida xabar berilgandi.