Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Moliya

Visa kriptovalyutalar boʻyicha konsalting xizmatini yoʻlga qoʻydi

Xizmat Visa konsalting-tahliliy boʻlimining bir qismiga aylanadi.

Foto: Alamy

AQSHning Visa kompaniyasi kriptovalyutalar boʻyicha konsalting xizmatini yoʻlga qoʻydi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Qayd etilishicha, xizmat Visa konsalting-tahliliy boʻlimining bir qismiga aylanadi va moliya institutlari, chakana sotuvchilar va boshqa kompaniyalar bilan ishlaydi, ularga kriptovalyuta bozorlari boʻyicha maslahat beradi, shu jumladan tranzaksiyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun ulardan foydalanish mumkin boʻlgan NFT bilan bogʻliq tadqiqotlar olib boradi.

Xabarga koʻra, Visa oʻzining yangi xizmati bitkoin va boshqa kriptovalyutalarning kompaniyalar tomonidan tarqalishi va oʻzlashtirilishini tezlashtirishiga umid qilmoqda.

Visa kriptovalyutalar uning keyingi oʻsishi uchun, ayniqsa kredit kartalaridan tashqari toʻlovlarning boshqa sohalarida ham kengayib borayotgan bir vaqtda asosiy maydon boʻlishi mumkin, deb hisoblaydi.

Kompaniya, allaqachon, mijozlarga toʻlovlar uchun kriptovalyutalardan foydalanish imkonini beruvchi mahsulotlarni ishlab chiqmoqda.

Mart oyida Visa steyblkoynlarda (stablecoin — bu mahalliy valyutalar va aktivlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan kriptovalyutalarning umumiy nomi), xususan, AQSH dollariga bogʻlangan USD Coin bilan operatsiyalarni amalga oshirishni boshlaganini eʼlon qilgandi.

Bundan tashqari, 2020 yilda kompaniya turli mamlakatlar markaziy banklari tomonidan chiqarilgan raqamli valyutalar bilan ishlay boshlagan.

Maʼlumot uchun, 2020 yil 1 oktyabrdan 2021 yil 30 sentyabrgacha boʻlgan davrda Visa raqamli valyutalar bilan taxminan 3,5 milliard dollarlik tranzaksiyalarni amalga oshirgan.

“Kriptovalyuta biz uchun ulkan yangi vertikal va oʻsish uchun imkoniyatdir. Biz ushbu biznesni rivojlantirishga eʼtibor qaratishda davom etamiz”, — deya qoʻshimcha qildi kompaniya vakili Nikola Plechash.

Visa va LRW marketing kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, odamlarning 94 foizi kriptovalyutalar haqida maʼlum darajada xabardor boʻlib, ularning deyarli uchdan bir qismi kriptovalyutalardan sarmoya yoki ayirboshlash vositasi sifatida foydalangan. Soʻrovda dunyoning turli davlatlaridan jami 6 ming kishi ishtirok etdi.

Avvalroq Visa xalqaro toʻlov tizimi yirik bozorlar uchun kartalar orqali toʻlov tariflarini pasaytirishga qaror qilgani xabar qilingandi.