Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Iqtisodiyot va moliya

Birjada benzin arzonlashmoqda. Yonilgʻi quyish shoxobchalarida mahsulot narxi nega pasaymayapti?

Birjada arzon narxlarda xarid qilingan benzinning faqat 16 foizi chakana tarmoqqacha yetib borgani aytilgan

Foto: “lenta.ru”

Oʻzbekiston birja savdolarida AI-80 markali avtomobil benzini narxi tushishda davom etmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, birja savdolarida 23 noyabr kuni  jami 4196 tonna AI-80 markali benzin qoʻyilgan boʻlib, shundan 3741 tonnasi yoki 89 foizi  sotilgan. AI-80 markali avtomobil benzinining oʻrtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 million 129 ming soʻmdan 8 million 444 ming soʻmgacha pasayib, 17 foizga arzonlashgan.

Qayd etilishicha, 2–3 oy davomida shakllangan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan AI-80 benzinning baland narxlarga taʼsir koʻrsatish uchun faqat bozor mexanizmlari qoʻllanilmoqda. Yaʼni taklifga taʼsir koʻrsatish orqali narxlar barqarorligini taʼminlash, bu choralarning samara berishi va narxlarning barqarorlashishi uchun maʼlum vaqt talab qilinadi. Shu bilan birga, import benzinning narxlari jahon bozorlari konʼyunkturasiga bogʻliqligi omili saqlanib qolmoqda.

Taʼkidlanishicha,  2021 yilning 16–22 noyabr kunlari  birjada pasayib borgan narxlarda xarid qilingan 20 ming 760 tonna mahsulotdan 3409 tonnasi yoki 16 foizi chakana tarmoqqacha yetib borgan. Bunda, mahsulot birja savdolarida sotilgandan keyin zavoddan chakana savdogacha yetib borish muddatlarini (15 kungacha sarflanishi mumkin) ham  inobatga olinishi muhim.

Bundan tashqari, hozirda idoralararo ishchi guruh tomonidan benzin tannarxini optimallashtirish boʻyicha bevosita ishlab chiqaruvchi korxonalarga chiqqan holda oʻrganish oʻtkazilmoqda. Shuningdek, qoʻmita tomonidan birja savdolarida narxlarga sunʼiy  ravishda taʼsir koʻrsatgan nohalol ishtirokchilarga  nisbatan oʻrganishlar davom etmoqda.

Avvalroq Oʻzbekiston eng koʻp benzin import qilayotgan davlatlar reytingi eʼlon qilingandi. Shuningdek, Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasida benzin va suyultirilgan gazning kunlik oʻrtacha narxi tushgani haqida xabar berildi.