Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2026 yilning iyul oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,1 foizga pasaydi. Natijada yillik isteʼmol narxlari indeksi 106,4 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 foiz bandga past boʻldi.
Hisobot davrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 0,91 foizga arzonlagan. Shu bilan birga, nooziq-ovqat tovarlari narxlari 0,3 foizga, aholiga koʻrsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,5 foizga oshgan.
Inflyatsiyaga taʼsir qilgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi (12,6 foiz), uzun boshoqli guruch (6,4 foiz), yumaloq boshoqli guruch (6,1 foiz), mosh (4,2 foiz) va piyoz (1,7 foiz) narxining qimmatlashi qayd etildi.
Ayni paytda baqlajon (-42,8 foiz), bulgʻor qalampiri (-39,4 foiz), pomidor (-24 foiz), tarvuz (-20,3 foiz), kartoshka (-18 foiz), qovun (-14,5 foiz), shaftoli (-10,6 foiz), bodring (-10,6 foiz), sarimsoq (-10 foiz), nok (-7,1 foiz), uzum (-6,6 foiz), olma (-6,6 foiz), banan (-6,6 foiz) va tuxum (-5 foiz) narxlarining pasayishi umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga hissa qoʻshdi.
Nooziq-ovqat tovarlari orasida AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 10 foizga, AI-95 benzini 8,5 foizga, AI-92 benzini esa 3,9 foizga qimmatlashgan.
Xizmatlar sohasida maishiy chiqindi uchun toʻlov 2,7 foizga, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foizga va shahar avtobusida yoʻl haqi 1,4 foizga oshgani asosiy omillardan boʻlgan.
Milliy statistika qoʻmitasi hisob-kitoblari uchun respublika boʻylab 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtasida 2 milliondan ziyod narx kuzatuvlari oʻtkazilgan. Monitoring davomida 419 turdagi tovar va 98 turdagi xizmat narxlari tahlil qilingan.


