Iyun oyida milliy valyutadagi bank depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka may oyidagi 17,1 foizdan keyin yillik 17,6 foizgacha oshdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumotlarida aytiladi.
Bu fevral oyidan beri qayd etilgan birinchi oʻsishdir. Biroq oylik oʻsishga qaramay, soʻmdagi depozitlarning nominal daromadliligi (inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar hisobga olinmagan holda) oʻtgan yil iyun oyidagi darajadan 2,2 foiz bandiga past boʻlib qolmoqda. Oʻshanda oʻrtacha stavka 19,7 foizni tashkil etgan.
Bir oy ichida eng sezilarli oʻsish muddati bir yilgacha boʻlgan depozitlar boʻyicha qayd etildi — stavka 14,7 foizdan 15,4 foizgacha koʻtarildi. Biroq 2025 yil iyun oyiga nisbatan u 3,4 foiz bandiga pasaygan.
Muddati bir yildan ortiq boʻlgan omonatlar boʻyicha oʻrtacha daromadlilik deyarli oʻzgarmadi va yillik 18,1 foizni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilgi darajadan 1,8 foiz bandiga past.
Aholi omonatlari
Jismoniy shaxslarning soʻmdagi depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka pasayishda davom etib, iyun oyida yillik 19,2 foizni tashkil qildi. Bu 2021 yil mart oyidan buyon eng past koʻrsatkich hisoblanadi. Bir oy ichida stavka 0,4 foiz bandiga, bir yilda esa 2,1 foiz bandiga pasaydi.
Eng katta pasayish aholining qisqa muddatli omonatlarida kuzatildi. Muddati bir yilgacha boʻlgan depozitlar boʻyicha stavkalar yillik 17,4 foizdan 16,6 foizgacha tushdi. Bu oʻtgan yil iyun oyiga nisbatan 3,9 foiz bandiga kam.
Aholining uzoq muddatli omonatlari boʻyicha banklar oʻrtacha yillik 19,6 foiz taklif qildi. May oyida bu koʻrsatkich 19,9 foiz, bir yil avval esa 21,5 foiz boʻlgan.
Biznes depozitlari
Iyun oyida yuridik shaxslarning soʻmdagi depozitlari boʻyicha oʻrtacha stavka biroz oshib, yillik 15,2 foizdan 15,3 foizgacha koʻtarildi. Oʻtgan yil iyun oyiga nisbatan u 2,6 foiz bandiga pasaygan.
Muddati bir yilgacha boʻlgan korporativ depozitlar boʻyicha daromadlilik may oyidagi 14,3 foizdan 14,8 foizgacha oshdi. Bir yil avval oʻrtacha stavka 18 foizni tashkil etgan.
Biznesning uzoq muddatli depozitlari boʻyicha stavkalar, aksincha, yillik 15,9 foizdan 15,5 foizgacha pasaydi. Bu 2025 yil iyun oyidagi darajadan 2,3 foiz bandiga past.
Valyutadagi omonatlar
Iyun oyida xorijiy valyutadagi depozitlar boʻyicha oʻrtacha stavkalar may oyidagi keskin oʻsishdan keyin 5,5 foizdan 4,5 foizgacha pasaydi. Yillik hisobda koʻrsatkich deyarli oʻzgarmagan — oʻtgan yil iyun oyida u 4,6 foizni tashkil etgan.
Pasayish asosan qisqa muddatli valyuta depozitlari hisobiga kuzatildi. Ularning oʻrtacha daromadliligi yillik 5,4 foizdan 3 foizgacha tushdi. Muddati bir yildan ortiq omonatlar boʻyicha stavkalar kamroq pasayib, 5,7 foizdan 5,5 foizgacha tushdi, biroq baribir 2025 yil iyun oyidagi darajadan 0,7 foiz bandiga yuqori boʻlib qoldi.
Aholi uchun valyutadagi omonatlarning oʻrtacha daromadliligi yillik 5,3 foizni tashkil qildi va bir oy ichida deyarli oʻzgarmadi. Oʻtgan yil iyun oyiga nisbatan koʻrsatkich 0,5 foiz bandiga oshgan.
Jismoniy shaxslarning qisqa muddatli valyuta omonatlari boʻyicha stavkalar 2,7 foizgacha pasaydi, uzoq muddatli omonatlar boʻyicha esa yillik 5,7 foizgacha oshdi.
Yuridik shaxslarning valyutadagi depozitlari boʻyicha oʻrtacha daromadlilik may oyidagi 5,6 foizdan iyun oyida 3,8 foizgacha tushdi. Oʻtgan yil iyun oyiga nisbatan koʻrsatkich 0,5 foiz bandiga pasaygan.
Biznesning qisqa muddatli valyuta depozitlari boʻyicha stavkalar 5,5 foizdan 3,1 foizgacha, uzoq muddatlilari boʻyicha esa 6,3 foizdan 4,9 foizgacha pasaydi.
Depozitlarning real daromadliligi
Aholining soʻmdagi omonatlari boʻyicha real daromadlilik, yaʼni nominal stavkadan inflyatsion kutilmalar chiqarib tashlangan koʻrsatkich, iyun oyida 8,3 foizni tashkil etdi. Bu may oyidagi darajadan 0,4 foiz bandiga past, biroq oʻtgan yil iyun oyiga nisbatan 1,1 foiz bandiga yuqori.
Yuridik shaxslar depozitlari boʻyicha real stavka iyun oyida may oyidagi 4,7 foizdan 4,9 foizgacha koʻtarildi. 2025 yil iyun oyiga nisbatan koʻrsatkich 0,5 foiz bandiga pasaygan.
Shu tariqa, aholi omonatlarining nominal daromadliligi pasayganiga qaramay, ularning real daromadliligi oʻtgan yilgi darajadan yuqori boʻlib qolmoqda. Biznes uchun bu koʻrsatkich, aksincha, bir oy ichida biroz tiklangan boʻlsa-da, hali ham bir yil avvalgi darajadan past.
Eslatib oʻtamiz, iyun oyida soʻmdagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka yillik 21,6 foizgacha pasaygan — bir oyda 0,4 foiz bandiga, bir yilda esa 1,4 foiz bandiga. Biznes uchun bank kreditlari 21,8 foizgacha arzonlashib, 2023 yil oktyabridan buyon eng past darajaga tushgan, ayni paytda aholi uchun kredit stavkalari biroz oshgan.


