“Avtomobil yoʻlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Qonunning maqsadi Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllarini rivojlantirish, ulardan foydalanish va yoʻl faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunga koʻra, Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllari quyidagicha tasniflanadi:
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari;
- shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari (ichki avtomobil yoʻllari);
- xoʻjalik avtomobil yoʻllari.
Avtomobil yoʻllari foydalanish rejimiga koʻra bepul yoki belgilangan tartibda pulli boʻlishi mumkin.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki boʻlib, ular Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining ixtiyorida boʻladi va cheklanmagan doiradagi shaxslarning transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangandir.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridagi ajratilgan mintaqaning minimal oʻlchamlari quyidagilardan iborat:
- I toifa avtomobil yoʻllarida – 80 metr;
- II toifa avtomobil yoʻllarida – 60 metr;
- III va IV toifa avtomobil yoʻllarida – 40 metr;
- V toifa avtomobil yoʻllarida – 25 metr.
Yoʻl boʻyi mintaqasi – bu ajratilgan mintaqaga ikkala tomonidan tutashgan, chegaralarida transportning harakatlanish xavfsizligini taʼminlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasidir.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi avtomobil yoʻllari sohasidagi maxsus vakolatli organdir. Qonunga koʻra, avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari mazkur yoʻl egalari tomonidan, shu jumladan ixtisoslashtirilgan yoʻl tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi.
Yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining avtomobil yoʻllarida harakatlanishiga faqat maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Pulli avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki oʻz vakolatlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Mazkur qaror rejalashtirilayotgan pulli avtomobil yoʻli bilan bogʻliq hududlar oʻrtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi avtomobil yoʻllari boʻylab muqobil bepul harakatlanishni taʼminlash sharti bilan qabul qilinadi.
Foydalanuvchi transport vositasida pulli yoʻldan harakatlanish uchun quyidagi usullardan biri orqali operator bilan ommaviy shartnoma tuzadi:
- pulli avtomobil yoʻliga kirish;
- harakatlanish uchun toʻlovni toʻlov punktida toʻlash;
- yoʻl talonini sotib olish.
Pulli avtomobil yoʻlidan harakatlanish uchun toʻlov transport vositalarining yuqori tezlik rejimini va butun yoʻnalish boʻylab yuqori darajadagi servis xizmatini taʼminlash sharti bilan joriy etiladi.


