Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Davlat xizmatchilari uchun 11 razryadli yagona ish haqi tizimi joriy etilishi taklif qilindi

Yangi tizimga koʻra, 54 ming nafar davlat xizmatchisi 11 razryadli ish haqi setkasiga oʻtkazilib, ustama va bonuslar KPI, malaka, tashabbuskorlik hamda erishilgan natijalarga qarab belgilanadi.

Oʻzbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun mehnatga haq toʻlashning yagona, ochiq va natijaga asoslangan tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq toʻlash shartlarini muvofiqlashtirish boʻyicha taqdimotda maʼlum qilindi.

Taqdimotda qayd etilishicha, amalda davlat xizmatchilari ish haqi tarkibida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi, ish haqi fondining 70 foizgacha qismi esa xodimning aniq natijasiga bogʻlanmagan ustama, mukofot va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa bir xil lavozimda ishlovchi xodimlar oʻrtasida ish haqida katta tafovutlarni yuzaga keltirgan.

Shuningdek, davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tartibini belgilaydigan yagona huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu sohada 50 dan ortiq alohida normativ hujjat amal qilayotgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab oladigan yangi tizim taklif etildi. Unga koʻra, davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga, xodimlar esa maʼmuriy boshqaruv, asosiy va qoʻllab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi.

Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pogʻonadan iborat yangi ish haqi setkasi joriy etilishi, oʻndan ortiq ustama va mukofotlar oʻrniga esa uchta asosiy ragʻbatlantirish toʻlovi qoldirilishi taklif qilindi.

Jumladan, ustamalar xodimning malakasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI samaradorlik koʻrsatkichlari asosida hisoblanadi. Shuningdek, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan va yuqori natijaga erishgan xodimlarga hisobot davri yakuni boʻyicha bonuslar toʻlash nazarda tutilmoqda.

Takliflarga koʻra, hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi oʻxshash lavozimlar maoshidan yuqori boʻlmaydi. Tuman va shaharlarda shtat birliklari hamda ish haqini belgilashda aholi soni va hududning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.

Prezident mehnatga haq toʻlash tizimida adolat va shaffoflikni taʼminlash, ish haqini xodimning malakasi, masʼuliyati va erishgan natijalari bilan bogʻlash muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, bonus toʻlovlari xodimning sunʼiy intellekt va boshqa ilgʻor axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishi, zamonaviy bilim va koʻnikmalarini oshirishi kabi aniq mezonlar asosida berilishi belgilandi.