Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda banklar mijozlar murojaatlarining sabablarini ham bartaraf etishi shart boʻladi

Yangi tartib bilan bank boshqaruvi va ichki auditning murojaatlar bilan ishlash borasidagi javobgarligi ham kuchaytirilmoqda.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklari faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, rasmiy eʼlon qilingan kundan bir oy oʻtib kuchga kiradi.

Hujjat bilan ilk bor “tizimli kamchilik” tushunchasiga huquqiy taʼrif berildi. U bank mahsulotlari, biznes jarayonlari, xizmat koʻrsatish boʻlinmalari, axborot yoki ichki nazorat tizimlarida isteʼmolchilar huquqlari buzilishiga olib keluvchi hamda alohida holat bilan cheklanmaydigan kamchiliklarni anglatadi.

Yangi tartibga koʻra, banklar murojaatlarni koʻrib chiqishda nafaqat qoidabuzarliklar va salbiy holatlarni bartaraf etishi, balki isteʼmolchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablarni ham yoʻqotishi shart boʻladi.

Banklar murojaatlarni har chorak va yil yakunlari boʻyicha umumlashtirib, tahlil qiladi. Bunday tahlillarda murojaatlar soni va turlari, ularning kelib chiqish sabablari, eng koʻp uchraydigan muammolar, aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar aks ettirilishi lozim.

Qaror bilan bank boshqaruvi va ichki audit xizmatining murojaatlar bilan ishlash borasidagi masʼuliyati ham kuchaytirildi.

Xususan, bank boshqaruvi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejasini tasdiqlashi, ichki audit esa uning ijrosi hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini baholab borishi belgilandi.

Bundan tashqari, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrilmagan deb hisoblanadigan holatlar ham aniq belgilandi.

Jumladan, harakatlar rejasining tasdiqlanmasligi, undagi topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilmasligi, koʻrilgan choralarga qaramay kamchiliklarning saqlanib qolishi yoki ichki audit tomonidan nazoratning oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi shunday holatlar qatoriga kiritildi.

Shuningdek, banklar murojaatlar tahlili boʻyicha tayyorlangan choraklik va yillik maʼlumotnomalarni belgilangan muddatlarda oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borishi shart boʻladi.