Oʻzbekistonda tabiiy gaz tarmogʻi yetib bormagan hududlar uchun elektr energiyasi tariflarini oʻzgartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev xabar berdi.
Vazirning aytishicha, prezident topshirigʻiga koʻra, gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan hududlarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, elektr energiyasi tariflarini qayta koʻrib chiqish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, hozirda qariyb 2 mingta mahallaga tabiiy gaz yetib bormagan. Ushbu hududlarda yashovchi aholi uylarini elektr energiyasi yordamida isitishga majbur boʻlsa-da, buning uchun hech qanday chegirma olmayapti va elektr energiyasi uchun toʻliq tarif boʻyicha haq toʻlamoqda.
Shu munosabat bilan energiya resurslari bilan taʼminlanganlik darajasi, hududning xususiyati hamda koʻp qavatli yoki yakka tartibdagi uy-joy ekani inobatga olinadigan individual tariflash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Energetika vazirining taʼkidlashicha, tabiiy gaz tarmogʻi mavjud boʻlmagan va elektr energiyasidan isitish maqsadida foydalanayotgan isteʼmolchilar elektr energiyasi uchun chegirma olish huquqiga ega boʻlishi kerak.
Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Yangiyoʻl tumanini elektr va gaz taʼminoti boʻyicha namunaviy hududga aylantirish hamda bu tajribani respublikaning barcha tuman va shaharlarida joriy etish vazifasi belgilangandi.
Buning uchun Yangiyoʻl tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha maxsus shtab tuzilgan. Unga energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev rahbar etib tayinlangan, tuman hokimi Sanʼat Jumaniyozov esa uning oʻrinbosari boʻlgan.

