Davlat byudjeti xarajatlarining vazifa tasnifida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari uchun ajratiladigan mablagʻlar dinamikasi hamda tashqi qarz xarajatlari yuklamasida oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Fiskal strategiya tahlillarida keltirib oʻtilgan.
2024 yilda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xarajatlari 20,2 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 22,4 trillion soʻmga yetgan. 2026 yil uchun kutilayotgan ijro boʻyicha bu miqdor 25,8 trillion soʻmni tashkil etishi mumkin.
Otabek Bakirov xarajatlar byudjetda koʻrsatilgandan ortiqcha sarflanganiga eʼtibor qaratgan. Mutaxassis, 2026 yilda byudjetdan 21,4 trln ajratilgan boʻlsa-da, yil oxirigacha 26 trln sarflash koʻzda tutilganini taʼkidlaydi. 2025 yilda 18,6 trillion oʻrniga 22,4 trillion sarflangan.
Fiskal strategiyaga koʻra, 2027 yil uchun prognozda mazkur xarajatlar 24,5 trillion soʻm boʻlishi kutilmoqda.
2028 yilda esa bu koʻrsatkich yana oshib, 26,3 trillion soʻmga, 2029 yilga borib esa 28,1 trillion soʻmga yetishi mumkin.
Davlat qarzi foizi va boshqa xarajatlar
2024 yilda davlat qarzi foizlariga 14,5 trillion soʻm sarflangan boʻlsa, 2025 yilda bu raqam 18,1 trillion soʻmga, 2026 yilda esa 23,8 trillion soʻmga yetdi. Prognozlar esa yanada tashvishli: 2027 yilda bu xarajatlar 29,4 trln, 2028 yilda 38,2 trln va 2029 yilda naqd 48,5 trillion soʻmni tashkil etishi mumkin.
Oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlash va NNTlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishdagi xarajatlar ham yildan-yilga oʻsib boradi. Ushbu yoʻnalishda 2024 yilda 1,3 trillion soʻm sarflangan boʻlsa, 2025 yilda 1,5 trillion soʻm, 2026 yil kutilmasida xarajatlar 1,6 trillion soʻmni tashkil etishi mumkin. Prognozlarga koʻra, bu koʻrsatkich 2027 yilda 1,7 trln, 2028 yilda 1,8 trln va 2029 yilga borib 2 trillion soʻmga yetishi kutilmoqda.


