Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi. Hujjat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam koʻrsatish tizimini tartibga solishga qaratilgan.
Qonunga koʻra, ijtimoiy ish tibbiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya, bandlik, sud va huquq-tartibot hamda jazoni ijro etish sohalarida tashkil etiladi. Ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi belgilanmoqda.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari belgilanadi. Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, NNTlar, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning ijtimoiy ish jarayonlarida ishtirok etishi mustahkamlanadi.
Qonunda ijtimoiy xizmatlar va yordam turlari, ularni koʻrsatish tartibi, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yoki oilani aniqlash mezonlari ham belgilangan. Bundan tashqari, ijtimoiy xizmatlarni moliyalashtirish manbalari, ijtimoiy xodimning maqomi, uning ijtimoiy himoyasi va faoliyatiga doir cheklovlar kabi masalalar tartibga solinadi.
Senatorlarga koʻra, qonun ijtimoiy ish sohasida yagona tizim shakllanishiga, ehtiyojmand aholi qatlamlariga xizmat koʻrsatish sifati oshishiga va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

