“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi 2026 yilning birinchi yarim yillik natijalari hamda keyingi davrdagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Unda ayrim ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, jumladan, dizel yoqilgʻisi va mazut ishlab chiqarish hajmlari rejasi bajarilmagani muhokama qilindi.
Kompaniya maʼlumotiga koʻra, bunga dunyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli xomashyo importida yuzaga kelgan cheklovlar taʼsir qilgan. Masʼullarga holatni tahlil qilish, sabablarni oʻrganish va yil yakuniga qadar belgilangan koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha vazifalar berildi.
Shu bilan birga, yigʻilishda 2026 yil boshidan tizim korxonalarining moliyaviy faoliyati va boshqaruv mexanizmlari qayta koʻrib chiqilgani maʼlum qilindi. Asosiy eʼtibor daromadlilikni oshirish, xarajatlarni qisqartirish va moliyaviy intizomni kuchaytirishga qaratilgan.
Natijada kompaniyaning qarz yuki 2025 yil yakunidagi 3,1 barobardan 2,7 barobargacha pasaytirildi. Avvalgi yillarda jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin soʻndirish orqali foiz toʻlovlaridan 219 mlrd soʻm tejaldi.
Shuningdek, debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 1,2 trln soʻmga kamaytirildi. Oylik ish haqlari oshirilganiga qaramay, xarajatlar rejaga nisbatan 1 trln soʻmga optimallashtirildi.
Yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi ham koʻrib chiqildi. Ishlab chiqarish obyektlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, yoqilgʻi-moylash materiallari va avtobenzin zaxiralarini shakllantirish boʻyicha choralarni jadallashtirish topshirildi.
Bundan tashqari, kompaniyaning 14 ta neft bazasi 2025 yil birinchi yarim yilligini 36,5 mlrd soʻm zarar bilan yakunlagan boʻlsa, joriy yilning shu davrida 5,4 mlrd soʻm sof foydaga chiqqan. Bu davrda 250 ming tonna avtobenzin va 114 ming tonna dizel yoqilgʻisi realizatsiya qilingan.
Shuningdek, Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tezlashtirish, gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlarini oshirish va mavjud quduqlarni qayta ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.


