Hukumatning tegishli qarori bilan “Xorijiy kinokompaniyalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz filmlarini yaratish bilan bogʻliq xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilindi.
Hujjat xorijiy kinokompaniyalarga rebate tizimi orqali Oʻzbekistonda film ishlab chiqarish jarayonida sarflangan mablagʻlarning bir qismini qaytarish tartibini belgilaydi.
Rebate — xalqaro amaliyotda kinoindustriyani rivojlantirish va xorijiy loyihalarni jalb qilish uchun qoʻllaniladigan mexanizm hisoblanadi. Unga koʻra, davlat film yaratuvchilar mamlakat hududida amalga oshirgan xarajatlarning maʼlum qismini qaytarib beradi.
Nizomga koʻra, qoplab beriladigan mablagʻ miqdori xarajatlar hajmiga qarab belgilanadi:
- 3 mlrd soʻmgacha boʻlgan xarajatlar uchun — 10 foiz;
- 3 mlrd soʻmdan 5 mlrd soʻmgacha — 15 foiz;
- 5 mlrd soʻmdan 10 mlrd soʻmgacha — 20 foiz;
- 10 mlrd soʻmdan ortiq xarajatlar uchun — 25 foiz.
Biroq bitta film uchun qaytariladigan mablagʻ 4 mlrd soʻmdan oshmasligi belgilangan.
Dasturda ishtirok etish uchun xorijiy kinokompaniya belgilangan platforma orqali elektron ariza yuboradi.
Oʻzbekiston hududida tasvirga olish ishlari yakunlangach, kompaniya amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni 60 kun ichida platformaga kiritishi kerak.
Komissiya xarajatlarning rebate dasturi talablariga muvofiqligini 15 ish kuni ichida koʻrib chiqib, tegishli xulosa beradi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, xarajatlarning bir qismi 5 ish kuni ichida xorijiy kinokompaniya hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.


