Adliya vazirligi “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi rezidentlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Hujjatga koʻra, maxsus mayning zonasi Qoraqalpogʻiston Respublikasining butun hududini qamrab oladi. Ushbu hududda yuridik shaxslarni maxsus zona rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularning faoliyat yuritish tartibi belgilandi.
Maxsus zona rezidenti boʻlish uchun yuridik shaxs Qoraqalpogʻiston hududida davlat roʻyxatidan oʻtgan va shu yerda faoliyat olib borayotgan boʻlishi kerak.
Rezident sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun berilgan arizani koʻrib chiqishda yigʻim undirilmaydi. Roʻyxatdan oʻtkazish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza topshirilgan kundan boshlab 30 kun ichida qabul qilinadi.
Shuningdek, maxsus zona hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimidan olinadigan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat etiladi.
Bunda isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlovlar belgilangan tarifga nisbatan ikki barobar oshirilgan koeffitsiyent asosida hisoblanadi.


