Raqobat qoʻmitasi Anorbank tomonidan Instagram ijtimoiy tarmogʻida joylashtirilgan reklama yuzasidan kelib tushgan murojaatni oʻrgandi. Tekshiruv natijasida bankka nisbatan moliyaviy jarima qoʻllandi.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Anorbank tomonidan aksiya doirasida eʼlon qilingan reklamalarda uning shartlari toʻliq koʻrsatilmaganidan shikoyat qilgan.
Oʻrganish davomida reklamada moliyaviy xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomaning muhim shartlaridan biri — aksiyaning amal qilish tartibi, unga belgilangan limit hamda limitdan oshgan holatlarda undiriladigan komissiya haqida maʼlumotlar berilmagani aniqlangan.
Raqobat qoʻmitasi maxsus komissiyasi holat yuzasidan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari boʻyicha Anorbankʻka nisbatan ish qoʻzgʻatgan.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha bankka moliyaviy jarima qoʻllangan. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berilgan.


