Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda 30 yildan oshgan eski avtomobillar egalari uchun jarima joriy etilmaydi

Qonun loyihasidan eski avtomobillar uchun har yili ekologik kompensatsiya toʻlash talabi chiqarib tashlandi. Hukumat majburiy choralar oʻrniga ragʻbatlantirish mexanizmlarini qoʻllamoqchi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi boʻyicha ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi qayta koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi.

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda qariyb 5 mln avtotransport vositasi mavjud boʻlib, ularning 100 mingga yaqini nosoz holatda. Ular shaharlardagi zararli chiqindilarning 63 foizini keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindilar hosil boʻladi.

Shu sababli avtomobil parkini yangilash va ekologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida maxsus qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Biroq jamoatchilik muhokamalari va kelib tushgan eʼtirozlardan soʻng loyiha “tubdan qayta ishlanmoqda”.

Eng muhim oʻzgarishlardan biri — 30 yil va undan eski avtomobillar egalari har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya toʻlashi haqidagi norma loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda.

Agentlik taʼkidlashicha, hukumat maʼmuriy va majburiy choralar oʻrniga aholini iqtisodiy ragʻbatlantiruvchi bozor mexanizmlariga tayanishni rejalashtirmoqda.

Yangi tizimga koʻra, ochiq tender asosida avtomobillarni baholash va utilizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi mustaqil korxonalar tarmogʻi tashkil etiladi. Eski avtomobillar bozor qiymatida baholanadi, harakatlana olmaydigan transport vositalarini esa mutaxassislar joyiga chiqib koʻrikdan oʻtkazadi.

Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul yoki maxsus vaucher beriladi. Vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil xarid qilishda boshlangʻich toʻlov sifatida foydalanish mumkin boʻladi. Qolgan mablagʻni esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda. Agar fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul koʻrinishida olishi mumkin boʻladi.

Agentlik misol sifatida 165 mln soʻmlik Cobalt avtomobilini keltirdi. Amaldagi tartibda uni xarid qilish uchun kamida 50 mln soʻm boshlangʻich toʻlov talab etiladi. Taklif etilayotgan tizimda esa, masalan, eski avtomobil 5 mln soʻmga baholansa, xaridor yangi avtomobilni boshlangʻich toʻlovsiz olib, qolgan 160 mln soʻmni 7 yil davomida oyiga taxminan 1,9 mln soʻmdan foizsiz toʻlashi mumkin boʻladi.

Agar eski avtomobil 70 mln soʻmga baholansa, oylik toʻlov 1,13 mln soʻm atrofida boʻladi. Qayd etilishicha, qonun loyihasi hali yakuniy shaklga ega emas. Hujjat aholi va mutaxassislar bilan muhokama qilinib, kelib tushadigan taklif va mulohazalar asosida takomillashtiriladi.