Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Soliq bazasini koʻchmas mulk obyektlari bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi belgilandi

Koʻchmas mulk obyektlarining bozor narxi koʻchmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ tomonidan aniqlanadi.

Hukumat qarori bilan “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizom Soliq kodeksiga muvofiq soliq bazasini koʻchmas mulk obyektlari hamda yogʻoch mahsulotlarining bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibini belgilaydi.

Nizom talablari soliq toʻlovchilar tomonidan sotilgan tovarlarning hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi shunday tovarlar boʻyicha aniqlangan bozor narxidan 20 foizdan past yoki yuqori holatda qoʻllanadi.

Nizomga koʻra, soliq organlari soliq bazasini aniqlashda taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalanadi.

Koʻchmas mulk obyektlarining bozor narxi koʻchmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ tomonidan aniqlanadi.

Soliq organlari soliq bazasini bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlashda quyidagi maʼlumotlardan ham foydalanishi mumkin:

  • notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
  • auksion va davlat xaridlari platformalari;
  • sotuvchilarning narxnomalari (preyskurant) maʼlumotlari va boshqalar;

Tovarlarning bozor narxi birja savdolarida sotilayotgan aynan oʻxshash (ular mavjud boʻlmaganda, bir turdagi) tovarlar narxlaridan kelib chiqib aniqlanadi.