Oʻzbekistondagi banklar endi bank kartalaridan mablagʻlarni “nolgacha” yechib ololmaydi — minimal qoldiq miqdori joriy etilmoqda.
Uzcard toʻlov tizimining xabar berishicha, 15 apreldan boshlab moliyaviy tashkilotlar tomonidan kreditlar, muddatli toʻlovlar (rassrochka), mikroqarzlar va boshqa majburiyatlar hisobiga mablagʻlarni akseptsiz yechib olishda kartada kamida BHMning 3 baravari miqdori (1 mln 236 ming soʻm) qolishi shart.
Akseptsiz yechib olish — bu mablagʻlarni har bir operatsiya uchun alohida tasdiqsiz kartadan avtomatik ravishda yechib olinishi boʻlib, u, odatda, banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarni bajarish (masalan, kreditlar, muddatli toʻlov yoki mikroqarzlar boʻyicha) uchun qoʻllanadi va toʻlov intizomining bir qismi hisoblanadi.
Bu shuni anglatadiki, hatto qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda ham, yechib olish faqat belgilangan chegaradan ortiqcha boʻlgan summa doirasida amalga oshiriladi va karta balansi nollashtirilmaydi. Toʻlov tizimi ishtirokchi banklar bilan birgalikda zarur texnik yangilanishlarni allaqachon joriy etdi.
Biroq bu qoida mijozning oʻzi karta rekvizitlarini kiritib, toʻlovni bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlagan holatlarga taalluqli emas — bunday vaziyatlarda mablagʻ toʻliq hajmda yechib olinishi mumkin.
Cheklov toʻlov tizimlari darajasida oʻrnatilmoqda. Hozirgi vaqtda Uzcard ushbu yangilik haqida rasman eʼlon qildi, shu bilan birga, yaqin orada Humo tizimidan ham xuddi shunday xabar berilishi kutilmoqda.


