“Moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 oktyabrdan vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorning tanloviga koʻra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin:
- vakolatli organning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori topshirilgan kundan boshlab 1 oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda toʻlash sharti bilan jarimaning qolgan qismini toʻlashdan ozod etish;
- qoʻllangan moliyaviy jarima summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda boʻlib-boʻlib toʻlash;
- vakolatli organning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablagʻlar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yoʻnaltirilgan manbalar hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi;
- yuqoridagi belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorida foiz toʻlanadi.
Qarorga koʻra, 2027 yil 1 yanvardan Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qoʻllangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi. Bunda:
- vakolatli organlarning moliyaviy jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari ular qabul qilinganidan soʻng 3 ish kunida majburiy tartibda ushbu elektron reyestrga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, mazkur jarayon toʻliq raqamlashtirilgan hollarda esa bunday qarorlar oʻzaro integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda kiritiladi;
- elektron reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi
va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi; - elektron reyestrda tadbirkor tomonidan sodir etilgan qilmishning takroriyligiga oid maʼlumotlar bazasi yuritiladi va xavfni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilib boriladi.
- 2027 yil 1 aprelga qadar soliq toʻlovchi – tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari ustidan sudga onlayn shikoyat berish imkoniyati yaratiladi.
Bunda ish yurituvga qabul qilingan shikoyatlar boʻyicha qarorlarning ijrosini toʻxtatib turish haqida sud tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar avtomatik ravishda xabardor qilinadi.


