Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Gaz boʻyicha qishki bazaviy meʼyor tugadi. Qolgan 15 kun uchun limit 50 kub metr etib belgilandi

Energetika vazirligi Oʻzbekistonda gaz isteʼmoli boʻyicha qishki limit muddati tugaganini eslatdi. Mart oyining qolgan kunlarida yana 50 kub metr bazaviy meʼyor boʻyicha toʻlanadi.

Oʻzbekistonda mart oyi boshida havo haroratining keskin soviganligini inobatga olib, tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan oylik bazaviy meʼyor 15 martga qadar uzaytirilgan edi. Energetika vazirligi ushbu meʼyor tugaganini eslatdi.

Oʻzgidromet 16−20 mart kunlari respublika hududlarida havo harorati kunduzi +22°S gacha, kechasi +10°S boʻlishi eʼlon qildi. Shu munosabat bilan, 16 martdan boshlab 1 noyabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1 oktyabrgacha) bazaviy meʼyor amal qiladi.

Mart oyining qolgan kunlari uchun bazaviy meʼyor 50 kub metr etib belgilandi.

Vazirlik tushuntirishicha, bir oylik 500 kub metr bazaviy meʼyor oyning birinchi yarmi uchun (1−15 mart kunlari) teng ulushlarda (proporsional) taqsimlanganda 250 kub metrni tashkil etadi. Bir oylik 100 kub metr bazaviy meʼyor oyning ikkinchi yarmi uchun (16−31 mart kunlari) teng ulushlarda (proporsional) taqsimlanganda 50 kub metrni tashkil etadi va mana shu 50 kub metr gaz uchun ham aholi isteʼmolchilari bazaviy meʼyor doirasida, yaʼni 1800 soʻmdan emas, 1000 soʻmdan toʻlov amalga oshiradilar.

Tabiiy gaz isteʼmolidagi barcha hisob-kitoblar boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlarga “Hududgaztaʼminot” AJ va uning hududiy filiallari tushuntirishlar beradi.

Eslatib oʻtamiz, ehtiyojmand oilalarga ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan har oyda kompensatsiya beriladi. Jumladan, kompensatsiya miqdori:

  • Elektr energiyasi uchun — oyiga bazaviy meʼyordan ortiq (200 kVt/soatdan keyingi) 150 kVt/soatgacha;
  • Tabiiy gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha baʼzaviy meʼyordan ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensatsiya beriladi.