Oʻzbekiston Markaziy banki 2025 yildagi P2P oʻtkazmalari boʻyicha tahliliy statistik raqamlarni eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yil yakuni boʻyicha P2P (bir jismoniy shaxsdan boshqa jismoniy shaxsga toʻgʻridan toʻgʻri pul oʻtkazish)oʻtkazmalari tuzilmasi karta orqali pul oʻtkazmalari asosan kundalik hisob-kitoblar va oʻzaro toʻlovlar uchun qoʻllanilgan. Barcha tranzaksiyalarning 75,5 foizi 10 million soʻmdan oshmagan.
Shundan:
- 1 mln soʻmgacha — qariyb 46,1 foiz;
- 1-5 mln soʻm oraligʻida — 16,8 foiz;
- 5-10 mln soʻm oraligʻida — 8,6 foizni tashkil etgan.
Kattaroq miqdorlar kamroq qayd etilgan. 50 million soʻmdan yuqori oʻtkazmalar umumiy operatsiyalarning 10 foizidan kamini, 200 million soʻmdan ortiq oʻtkazmalar esa atigi 2 foizni tashkil etgan.
Oʻzbekistonda 21 yanvarda mobil ilovalar orqali P2P oʻtkazmalar uchun yangi qoidalar eʼlon qilindi. Endilikda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi oʻz akkauntiga faqat ushbu shaxsning oʻziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlgan bank hisobvaragʻi, bank kartasi hamda elektron hamyonlarni biriktirishi va shu akkaunt orqali P2P oʻtkazmalarini amalga oshirishi mumkin boʻladi. Ushbu yangi qoida u eʼlon qilinganidan 3 oy oʻtgach, kuchga kiradi.
Bunda, yaqin qarindoshlarga qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari kiradi.


