Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Kafil boʻlishdan oldin qarz oluvchining kredit tarixini tekshirish imkonini beruvchi xizmat yoʻlga qoʻyildi

Endi “Ishonchli kafil” xizmati orqali xizmatdan foydalanuvchi kafil boʻlishidan avval qarz oluvchi shaxsning kredit tarixi maʼlumotlari yaʼni, uning majburiyatlari va ularning bajarilishi holati hamda skoring bali bilan tanishishi mumkin boʻladi.

Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ilovasida 3 ta yangi xizmatlar ishga tushirildi. Bu haqda idora axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, endi “Ishonchli kafil” xizmati orqali xizmatdan foydalanuvchi kafil boʻlishidan avval qarz oluvchi shaxsning kredit tarixi maʼlumotlari yaʼni, uning majburiyatlari va ularning bajarilishi holati hamda skoring bali bilan tanishishi mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, “Kimga kafilman” xizmati orqali foydalanuvchi hozirda qaysi shaxslar boʻyicha kafil ekanini koʻrishi, mavjud kafillik majburiyatlarini nazorat qilishi hamda moliyaviy risklarni baholashi mumkin.

Shuningdek, foydalanuvchi “Muddati oʻtgan toʻlovlar” xizmati orqali asosiy qarzdorlik boʻyicha kechiktirib (90 kundan oshgan) toʻlangan toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning kredit tarixidan chiqishini (oʻchib ketishini) kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi.

“Ushbu yangiliklar foydalanuvchilarga kafillik majburiyatlarini nazorat qilish, moliyaviy riskni baholash va kredit tarixini ongli boshqarish imkonini beradi”, deb yozadi “Bankxabar” Telegram kanali.

Oʻzbekistondagi banklarda muammoli kreditlar miqdori bir yilda 3,1 trillion soʻmga kamaygan. Davlat banklari 1,5 trillion soʻm, xususiy banklar 1,6 trillion soʻmlik muddati oʻtgan qarzlarni soʻndira olgan.

2026 yil 1 yanvar holatiga koʻra, respublikadagi banklarning jami kredit qoldigʻi 604 trillion soʻmga yetgan. Shundan 18,1 trillion soʻmi (3 foiz) muammoli kreditlar hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2025 yil 1 yanvarda umumiy kreditlar 533,1 trillion soʻm boʻlgan. Buning 21,2 trillion soʻmi muddati oʻtgan (muammoli) qarzlar edi.

Markaziy bank tahlilida keltirilishicha, oʻtgan oy boshida muammoli kreditlarning 70 foizi—12,8 trillion soʻm davlat banklariga tegishli boʻlgan. Qolgan 5,2 trillion soʻmlik muddati oʻtgan qarzlarni xususiy banklar ajratgan.