Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekiston aholisi bir yilda qancha valyuta oldi-sotdi qildi?

Oʻtgan yil davomida Qozogʻiston tengesi bilan savdo hajmi ham oshdi. Shuningdek, Yaponiya iyenasi bilan savdolar ham biroz koʻpaydi.

Foto: “politeka.net”

Oʻtgan yili Oʻzbekistonda aholi va banklar oʻrtasida jami 33,6 milliard dollar ekvivalentida chet el valyutalari oldi-sotdi qilingan. Markaziy bank tahliliga koʻra, eng koʻp savdolar AQSH dollari bilan amalga oshirilgan.

Tahlildan toʻqqiz turdagi xorijiy valyutalar oldi-sotdisiga oid raqamlar keltirilgan. Masalan, oʻtgan yili oʻzbekistonliklar banklarga 21,47 milliard AQSH dollari sotgan. Bu 2024 yildagi 16 milliard dollarlik savdolarga nisbatan sezilarli koʻp. Shu bilan birga, oʻtgan yili aholi banklardan 11,8 milliard dollar xarid qilgan. Bir yil oldingi koʻrsatkich esa 9,3 milliard dollar edi. Yaʼni 12 oy ichida dollar sotish va sotib olish hajmi sezilarli oshgan.

Oʻtgan yil davomida banklar jismoniy shaxslardan 108 million yevro sotib olgan (bir yil ilgari 67,1 million yevro edi). Oʻz navbatida 95 million yevro sotgan (2024 yildagi koʻrsatkich 86,9 million yevro boʻlgan).

Qiymat jihatdan keyingi yirik savdolar Rossiya rubli bilan boʻlgan. Yil mobaynida aholi banklarga 3,5 milliard rubl sotgan (yillik oʻsish bir milliard rubl), banklardan esa 2,5 milliard rubl xarid qilgan (bir yil oldingidan 500 million rublga koʻp).

Qozogʻiston tengesi bilan savdo hajmi ham oshgan. 2025 yilda aholi banklarga 1,2 milliard tenge (2024 yilda 805 million tenge) sotib, 909,5 million tenge (bir yil oldin 520,7 million tenge) xarid qilgan.

Yaponiya iyenasi bilan savdolar ham biroz koʻpaygan. Oʻtgan yili banklar aholidan 97,6 million Yaponiya iyenasi sotib olgan boʻlsa (2024 yilda 90,8 million iyena), 29,5 million iyena sotgan (bir yil avvalgi savdo 21,8 million iyena).

Angliya funt sterlingi, Shveysariya franki, Turk lirasi va Yuan renminbi kabi valyutalar savdosi nisbatan kam ulushni tashkil etgan.