Hukumat qarori bilan “Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Qaror bilan “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Ariza beruvchi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni soʻrab davlat xizmatlari markazi yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi.
Shuningdek, “YAMIH” AT, YAIDXP yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ham ariza berish mumkin.
Bunda har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilish 1 oyda 1 marta amalga oshiriladi.
Oyning 16-sanasiga qadar taqdim etilgan arizalar murojaat qilingan oyda, 16-sanada va undan keyin taqdim etilgan murojaatlar keyingi oyda koʻrib chiqiladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uni tayinlashni rad etish uchun asoslar aniqlanmaganda ariza koʻrib chiqilgan oydan keyingi oydan “Yagona reyestr” ATda avtomatik tarzda tayinlanadi va toʻlanadi.
Nafaqa va moddiy yordam “davlat taʼminotidagi oila” va “kambagʻal oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifadan chiqquniga qadar, “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasidagi oilalarga ular mazkur toifaga oʻtkazilgan (kiritilgan) oydan keyingi 6 oy uchun tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori qonunchilik bilan belgilanadi. Bunda:
“davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan chiqarilgan holda “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtkazilgan oilaga qoʻshimcha ariza talab etmagan holda, oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining:
- 1 baravaridan – 1,25 baravarigacha boʻlganda qonunchilikda belgilangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorining 75 foizi miqdorida;
- 1,25 baravaridan – 1,5 baravarigacha boʻlganda qonunchilikda belgilangan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam miqdorining 50 foizi miqdorida tayinlanadi va toʻlanadi.


