“Oʻzbekiston Respublikasining “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2026 yilda 2-darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari;
- 2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari aylanma kassa mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari;
- 2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari prognozi;
- 2026 yilda foyda va qoʻshilgan qiymat soliqlari toʻliqligicha Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati.
Quyidagi soliq turlari boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetida quyidagi miqdorlarda qoldiriladi:
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻliq hajmda;
- foyda soligʻi toʻliq hajmda;
- QQS boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismining 100 foizi, qolgan hududlarda esa 60 foizi.


