2026 yildan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlarini samarali moliyalashtirish maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) tushumining bir qismi hududlarda qoldirilib, tuman byudjetlariga yoʻnaltiriladi. Bu orqali tumanlar daromad bazasini kamida ikki barobar oshirishga sharoit yaratilishi qayd etildi.
Maʼlum qilinishicha, 2026 yil 1 yanvardan QQS tushumining Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda esa 20 foizi hududlarda qoldiriladi. Qoldiriladigan mablagʻning yarmi tumanlar byudjetiga oʻtkazilishi belgilandi.
Shu bilan birga, tuman byudjetlarini mustahkamlash uchun qoʻshimcha manbalar ham belgilanmoqda. Xususan:
- daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi;
- ekin yerlarini ijaraga berishdan tushumlar;
- bozorlardan tushumlar toʻliq tuman byudjetiga berilishi aytildi.
Bundan tashqari, viloyat va tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablagʻni aholi oʻrtaga qoʻyayotgan masalalarni hal qilishga yoʻnaltirishga ruxsat berilishi belgilandi. Ushbu choralar hisobidan tumanlar byudjetida 5 trln soʻmlik qoʻshimcha manba shakllanishi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanishi koʻzda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln soʻm mablagʻ viloyatlarning oʻziga beriladi. Ushbu mablagʻlar “tuman uchun emas”, balki mahallada ish oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yoʻnaltirilishi va byudjet mablagʻlarini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv qoʻllanilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yangi islohotlar boshlanishi, shaharlarning tartibsiz kengayishini cheklash uchun aniq mezonlar belgilanishi, respublikada ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududi ajratilishi maʼlum qilindi. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasi ishga tushirilib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish orqali har bir mahallaga xos muammolarni aniqlash va manzilli yechimlar berish rejalashtirilgan.


