Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oltin sotish toʻxtadi, goʻsht importi keskin oʻsyapti – Oʻzbekiston tashqi savdosi sharhi

2025 yilning 11 oyida Oʻzbekistonga 761 mln dollarlik goʻsht va goʻsht mahsulotlari olib kirildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 68 foizga koʻp. Noyabr oyida ham oltin eksport qilinmadi.

2025 yil yanvar-noyabr oylarida Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 13 mlrd dollarga yoki 21,8 foizga koʻp.

Bunda eksport hajmi 30,9 mlrd dollar (+26,2 foiz), import hajmi esa 41,8 mlrd dollar (+18,7 foiz) boʻlgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa qariyb 11 mlrd dollar.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (20,1 foiz), Rossiya (16,2) Qozogʻiston (6 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Janubiy Koreya (2,2 foiz) bilan qayd etilgan.

Dastlabki 11 oylikda oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, yirik hamkor davlatlardan faqatgina Janubiy Koreya (-13,5 foiz) bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Qolgan 19 ta davlat bilan umumiy savdo hajmi sezilarli darajada koʻpaygan. Xususan, Shveysariya (+101 foiz), BAA (+90,8 foiz), Afgʻoniston (+46,7 foiz), Niderlandiya (+45,2 foiz) va Hindiston (+35,4 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta oʻsish qayd etilgan.

Eksport

Hisobot davrida 9,9 mlrd dollarlik (+49,4 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 32 foizini tashkil etadi. Oxirgi 2 oyda qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan.

Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (11,3 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,7 foiz), kimyoviy vositalar (6 foiz), turli xil tayyor buyumlar (5 foiz) va mineral yoqilgʻilar (4,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega boʻlgan.

Eksport tovarlari tarkibiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, yanvar-noyabr oylarida sabzavotlar va mevalar (+39,1 foiz), donli ekinlar (+41,8 foiz), sut mahsulotlari va qush tuxumlari (+47,5 foiz) sotuvida keskin oʻsish qayd etilgan. Goʻsht va goʻsht mahsulotlari (-77,9 foiz) eksportida pasayish kuzatilgan.

Hisobot davrida 624 mln dollarlik gaz sotilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga koʻp. Bundan tashqari, 604 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+15,2 foiz), 152 mln dollarlik elektr toki (+58,4 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan. Shuningdek, 282 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24,7 foizga kam.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti boʻyicha asosiy hamkorlar Rossiya (13 foiz), XXR (6 foiz), Afgʻoniston (4,3 foiz), Qozogʻiston (4,3 foiz), Turkiya (3,3 foiz), Fransiya (2,5 foiz), BAA (2,1 foiz), Qirgʻiz Respublikasi (1,8 foiz), Tojikiston (1,7 foiz) va Pokiston (1 foiz) kabi davlatlar boʻlgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 40 foizni tashkil etadi.

Import

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,6 foiz), sanoat tovarlari (15,7 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (12,2 foiz) hisobiga toʻgʻri kelgan.

2025 yilning 11 oyida 4 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga koʻp. Eng katta oʻsish goʻsht va goʻsht mahsulotlari (761 mln dollarlik) importida kuzatilgan – 68,5 foiz. Hisobot davrida 1 mlrd 456 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichning 98 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 1 mlrd 393 mln dollarlik (+5,3 foiz) benzin import qilingan.

Yettita davlat, jumladan, Xitoy (30,5 foiz), Rossiya (18,5 foiz), Qozogʻiston (7,2 foiz), Turkiya (3,9 foiz), Koreya (3,6 foiz), Germaniya (2,5 foiz) va Hindistondan (2,5 foiz) jami importning 60 foiz qismi amalga oshirilgan.