Jismoniy shaxslar uchun mikroqarz va isteʼmol kreditlarini olish mumkin boʻlgan maksimal miqdorlar belgilandi. Bu haqdagi Markaziy bank qarori davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Unga koʻra, banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlarga qarz oluvchining isteʼmol kreditlari va mikroqarzlari boʻyicha qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichini hisoblash talabi qoʻshildi.
2026 yil 1 martdan boshlab, agar qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) oʻrtacha oylik daromadini aniqlash imkoniyati mavjud boʻlsa, qarz miqdori daromadning 8 baravaridan, aniqlash imkoni boʻlmasa — 5 baravaridan oshmasligi kerak.
Masalan, qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadi 5 mln soʻmni tashkil etsa, u daromadining 8 baravari — 40 mln soʻmdan ortiq miqdorda isteʼmol krediti yoki mikroqarz ololmaydi.
Bu talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar va taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qaror 2026 yilning 21 yanvaridan kuchga kiradi.
Markaziy bank avgust oyida banklar 1,1 mln holatda keragidan ortiq darajada mikroqarz ajratganini bildirgan edi. Regulyatorning qayd etishicha, joriy yilning uch oyida fuqarolarga koʻrsatilganidan koʻp miqdorda kredit ajratilgan. Bunday agressiv kreditlash aholiga moliyaviy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Oktabr oyida banklarga aholiga kredit ajratishda yangi talablar belgilandi. Endilikda banklar mijozlarga tavakkalchiliklar boʻyicha cheklist beradi, oldindan rozilik belgilarini oʻrnatmaydi, kreditni nafaqa va yordam pullaridan undirmaydi hamda toʻlov jadvaliga qatʼiy amal qiladi.


