2025 yil yanvar noyabr oylarida soʻm almashuv kursi 7,5 foizga mustahkamlandi. Markaziy bank tahliliga koʻra, bunga qator omillar taʼsir koʻrsatdi.
Soʻm qadri sezilarli ortishida avvalo, migrantlar yuborgan pul oʻtkazmalari keskin oʻsgani muhim rol oʻynagan. Yaʼni yanvar—noyabr oylarida Oʻzbekistonga muhojirlardan 17,3 mlrd dollar kelib tushgan (2024 yil mos davridagidan 25 foiz koʻp). Bu ichki valyuta bozoridagi taklifni ragʻbatlantirib, milliy valyuta qadri mustahkamlanishi jiddiy taʼsir etgan.
Oʻz navbatida eksport tushumlari sezilarli oʻsishi, xorijiy kreditlar jalb qilinishi, import toʻlovlari hajmlari barqarorlashuvi ham soʻm qadri ortishiga ijobiy turtki bergan. Yana investitsiya hajmlari, jumladan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar koʻpaygani milliy valyuta mustahkamlanishida zarur omillardan ekani qayd etilgan.
Oʻtgan 11 oy davomida Oʻzbekistonda chet el valyutasiga talab oʻtgan yil mos davriga nisbatan 24 foizga, taklif esa 26 foizga oʻsdi. Bunda yuridik shaxslarning valyutaga boʻlgan talabi 24 foizga, taklifi 35 foizga oshdi.
“Mazkur tendensiya, talab bilan bir qatorda, taklifning oʻsish surʼati ham yuqori boʻlganini koʻrsatib, aynan shu omil soʻmning barqarorligi va mustahkamlanishiga sabab boʻldi”, deyiladi regulyator tahlilida.
Yanvar—noyabr oylarida oltinsiz eksport tushumlari 16 mlrd dollarga yetib, shundan 8,9 mlrd dollarlik qismi ichki valyuta bozorida sotilgan. 2024 yil mos davridagidan yuqori darajada oʻsishni qayd etgan mazkur omillar ichki bozorda qoʻshimcha valyuta manbai boʻlib xizmat qilgan.
11 oy ichida aholi banklarga 19,4 mlrd dollar sotgan (oʻtgan yil mos davridagidan 4,8 mlrd dollar koʻp), 10,6 mlrd dollar sotib olgan (2024 yil 11 oyidagiga nisbatan 25 foizga koʻp).
Maʼlumot uchun, 2025 yil sentyabrning oʻzida soʻmning dollarga nisbatan kursi 3,4 foizga mustahkamlangandi. Markaziy bank mamlakatda milliy valyuta kursi ichki valyuta bozoridagi joriy talab va taklif asosida shakllanishini bildirgan. Regulyator almashuv kursi boʻyicha maqsadli koʻrsatkich belgilamasligi, kurs shakllanishiga aralashmasligini qayd etgan.

