Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

UzAutoMotors, “Oʻzbekneftgaz” va “Navoiyazot” toʻlagan soliqlar sezilarli kamaydi

Shu bilan birga, Coca-Cola Uzbekistan joriy yil 9 oyida 736,6 mlrd soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, bu raqam oʻtgan yil mos davrida 456,3 mlrd soʻmni tashkil etgandi. Yillik oʻsish — 61,4 foiz. Top-20 talikdagi boshqa aksar korxonalar soliq toʻlovlarida ham oʻsish kuzatilgan.

Foto: Nova 24

2025 yil yanvar—sentyabr oylarida Oʻzbekiston byudjetiga 158 trln soʻmdan ortiq soliq undirildi. Bu 2024 yil mos davriga nisbatan 18 foizga koʻp.

Soliq qoʻmitasi tahliliga koʻra, joriy tushumlarning 67,9 trln soʻmini ishlab chiqarish korxonalari toʻlagan. Mazkur tarmoqning 2024 yil mos davridagi soliq toʻlovi 33 trln soʻm boʻlgan. Yaʼni tushumlar bir yilda qariyb ikki baravar oʻsgan.

Joriy yil 9 oyida ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi 20 ta korxona soliqlarning 14,1 trln soʻmini toʻlagan. 2024 yil mos davrida ulardan 13,9 trln soʻm undirilgandi.

Infografika: Soliq qoʻmitasi

Tushumlar sezilarli ortishida qator korxonalar koʻproq soliq toʻlay boshlagani muhim omil boʻlgan. Misol uchun, top-20 talik ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida “Tallimarjon IES” AJ 2025 yil yanvar—sentyabr oylarida 1,29 trln soʻm soliq toʻlagan. Taqqoslash uchun, 2024 yil mos davrida bu koʻrsatkich 215,8 mlrd soʻm boʻlgan. Yaʼni bir yillik soliq toʻlovlari qariyb olti barobarga oʻsgan.

Shu bilan birga, Coca-Cola Uzbekistan joriy yil 9 oyida 736,6 mlrd soʻm soliq toʻlagan boʻlsa, bu raqam oʻtgan yil mos davrida 456,3 mlrd soʻmni tashkil etgandi. Yillik oʻsish — 61,4 foiz. Top-20 talikdagi boshqa aksar korxonalar soliq toʻlovlarida ham oʻsish kuzatilgan.

Infografika: Soliq qoʻmitasi

Raqamlardan ayrim davlat korxonalari oʻtgan yilgiga nisbatan sezilarli darajada kam soliq toʻlaganini koʻrish mumkin. Masalan, UzAutoMotors AJ 2025 yil yanvar—sentyabr oylarida 1,36 trln soʻm soliq toʻlagan. 2024 yil mos davrida esa 2,38 trln soʻmlik soliq toʻlovini amalga oshirgandi. Bir yil mobaynida kompaniyadan 1 trln soʻmga kam soliq undirilgan (qisqarish 42,6 foiz).

“Oʻzbekneftgaz” AJ 9 oy ichida 2,66 trln soʻm, oʻtgan yil mos davrida 3,18 trln soʻm soliq toʻlagan. Yillik qisqarish — 520 mlrd soʻm (16,3 foiz). Biroq kompaniya top-20 talik soliq toʻlovchilar ichida birinchilikni egallagan.

“Navoiyazot” AJ joriy yil 9 oyida 517,3 mlrd soʻm, oʻtgan yil mos davrida 683,2 mlrd soʻm soliq toʻlagan. Qisqarish — 24,3 foiz.

Soliq qoʻmitasi izohiga koʻra, roʻyxatga Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng yirik sanoat korxonalari  — Navoiy va Olmaliq kon-metallarugiya kombinatlari kiritilmagan.