Soliq qoʻmitasining “Soliq” mobil ilovasida xavfsizlik boʻyicha profilaktik tadbirlari yakunlandi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
4 noyabr kuni soat 18:40 dan boshlab profilaktik tadbirlari amalga oshirilganligi sabab ilova faoliyati vaqtinchalik cheklangandi.
Xavfsizlikdan kelib chiqib, 1 dekabrgacha Oʻzbekiston hududidan tashqarida boʻlgan ilova foydalanuvchilari ilovadan vaqtinchalik foydalana olmaydi. Shu bilan birga, shu sanadan boshlab ilovaning eski variantidan foydalanish imkoniyati cheklanadi.
Ilovaning soʻnggi versiyasini iOS qurilmalari uchun App Storeʻdan, Android uchun esa Play Marketʻdan yuklab olish mumkin.
Qoʻmita keltirilgan noqulayliklar uchun fuqarolar va barcha soliq toʻlovchilardan uzr soʻradi.


