Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizgacha pasaydi

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijonda kuzatilgan boʻlsa, yettida hudud — Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida eng past — 0,5 foizni tashkil etgan.

Foto: Nova 24

Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizga tushib, oʻtgan yilga nisbatan 2,4 foiz punktga pasaydi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan eʼlon qilingan isteʼmol narxlari indeksida maʼlum qilingan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2025 yil oktyabr oyida oylik inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etib, sentyabr oyidagi darajada shakllandi.

Narxlarning oʻsish surʼati 2024 yilning oktyabriga nisbatan bir baravardan ortiqqa pasaygan, oʻshanda bu 0,8 foiz edi.

Joriy yilning yanvar—oktyabr oylarida inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etgan. Yillik inflyatsiya oktyabr oyida 7,8 foiz darajasida qayd etilib, oy davomida 0,2 foizga, oʻtgan yilning oktyabriga nisbatan esa 2,4 foizga pasaygan.

Meva va sabzavot mahsulotlari narxi oʻzgarishini hisobga olmaganda, inflyatsiya oktyabr oyida 0,5 foizni, yillik nisbatda esa 8,6 foizni tashkil etgan.

Oy davomida asosiy mahsulotlardan tuxum (4,1%), suyakli mol goʻshti (1,7%), sut (1,2%) hamda oʻsimlik yogʻi (0,8%)ning narxlari oshgan. Bundan tashqari, asosiy meva-sabzavotlardan pomidor — 61,%, bodring — 58,2%, baqlajon — 11,3% hamda bulgʻor qalampiri 10,6% ga sezilarli qimmatlagan.

Nooziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 0,4% ga, yil boshidan — 4,4%, oʻtgan yilning oktyabriga nisbatan esa 5,8% ga qimmatladi. Xizmatlar bir oyda 0,3% ga, yillik hisobda esa 8,7% ga oshgan.

Hududlar kesimida eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon (0,9%)da kuzatilgan boʻlsa, yettida hudud — Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida eng past — 0,5% ni tashkil etgan.

Shu bilan birga, yanvar—oktyabr oylarida narxlar eng koʻp Qoraqalpogʻiston va Fargʻonada (6,2%), eng kam Toshkent shahrida (5,1%) oshdi. Yillik inflyatsiya esa Fargʻona viloyatida eng yuqori boʻldi — 8,6%. Narxlar eng kam Jizzaxda (7,1%) koʻtarilgan.