Oʻzbekiston Markaziy banki mamlakat tashqi qarzining holatini barqaror va moʻtadil deb baholamoqda. Bu haqda MB raisi Timur Ishmetov 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.
“[Mamlakatimizda] tashqi qarzni jalb etishning qonun-qoidalari bir necha yil avval shakllantirilgan. [Bugungi kunda] tashqi qarz darajasi yetarlicha barqaror va moʻtadillashgan”, — dedi u.
Ishmetovning fikricha, qarz yukini baholashda absolyut raqamlarga emas, balki qarzning iqtisodiyot hajmiga (YAIM) nisbatiga eʼtibor qaratish lozim.
“2020 yilda davlat tashqi qarzi 21,4 mlrd dollar boʻlgan, bu YAIMning taxminan 32 foizini tashkil etgan. 2025 yilga kelib davlat tashqi qarzi 39 mlrd dollar, lekin YAIMga nisbatan 29 foiz. Yaʼni absolyut raqamlarda qarz koʻpayyapti, lekin iqtisodiyot undan ham tezroq oʻsmoqda, shu bois nisbiy koʻrsatkich pasaymoqda”, — dedi Markaziy bank raisi.
Uning aniqlik kiritishicha, soʻnggi besh yil ichida davlat qarzining YAIMga nisbati 32 foizdan 29 foizdan kamroqqacha pasaydi, bu esa qarz barqarorligining izdan chiqish xavfi yoʻqligini koʻrsatadi.
Timur Ishmetov, shuningdek, yangi qarzlarni jalb etish bevosita byudjet taqchilligi bilan bogʻliqligini qoʻshimcha qildi.
«Tashqi qarzlar faqat byudjet daromadlari xarajatlardan kam boʻlgan taqdirdagina jalb etiladi. Shu sababdan biz uchun byudjet defitsiti darajasi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichdir», — deb tushuntirdi MB raisi.
Uning soʻzlariga koʻra, 2025 yilda yigʻma byudjet taqchilligi YAIMning 3 foizidan oshmasligi prognoz qilinmoqda va bu “tashqi qarz boʻyicha barqarorlikni saqlab qolish va uning oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik” imkonini beradi.
“Byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi qarz jalb qilish tabiiy holat boʻlib, byudjet taqchilligi bilan bogʻliq. [Byudjet taqchilligi] biz uchun hozirgi sharoitda YAIMning 3 foizidan oshmasligi maqsadga muvofiq deb belgilangan. Byudjet taqchilligini shu darajada saqlab qolish bizda tashqi qarz bilan bogʻliq hech qanday muammolarni keltirib chiqarmaydi”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.
Markaziy bank raisi investitsiya faoliyatini faol kengaytirayotgan xususiy kompaniyalar orasida qarz jalb qilish faolligi ortib borayotganini taʼkidladi.
“Korporativ sohada biroz qarzlar oshishi kuzatilyapti. Tashkilotlar oʻzining investitsion faolligini oshirish uchun tashqi qarz jalb qilyapti. Ayrimlari toʻgʻridan-toʻgʻri qarz jalb qilyapti, ayrimlari qimmatli qogʻozlar, yevrobondlar chiqarishni boshladi, bu ham ijobiy koʻrsatkich. Shu bilan birga, faqat tashqi qarz emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ham oshgan. Toʻqqiz oy yakunlari boʻyicha, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga oshdi, bu juda yaxshi koʻrsatkichdir”, — dedi u.


