Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Toshkentda yangi gastronomik koʻchalarni tashkil etishga 1 trln soʻm ajratiladi

Poytaxt hokimi aholi bu tajribani ijobiy qabul qilayotgani, loyiha natijasida yana 30 mingga yaqin ish oʻrni yaratilishini maʼlum qildi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Oʻzbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida poytaxtda aholi tomonidan juda yaxshi va ijobiy qabul qilingan turistik va gastronomik koʻchalarni koʻpaytirish uchun qoʻshimcha 1 trln soʻm mablagʻ ajratish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, qoʻshimcha ravishda 24 km hududda kechayu kunduz ishlaydigan koʻchalar tashkil etiladi. Natijada 20−30 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

“Toshkent shahrining hokimi sifatida tarixiy farmon va qarorlar imzolandi, deb oʻylayman. Prezidentning yoʻlimizni ochib bergan imkoniyatlarini qiymat sifatida baholasak, butun Toshkent aholisi his qiladigan loyiha boʻladi. Bu 100 mingdan ortiq ish oʻrni yaratish imkonini beradi”, — dedi u.

Shu bilan birga, poytaxt hokimi davlat rahbari farmon va qarorlar ijrosini shaxsan nazoratga olganini qoʻshimcha qildi.

2026 yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik koʻchalar qurish va sugʻorish tizimlarini yangilash uchun mahalliy budjetdan 1 trln soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi.

2024 yilning fevralida prezident raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda Toshkentning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “gastronomik turizm” va “hunarmandlar” koʻchalarini tashkil etish topshirilgandi.

Bundan tashqari, poytaxt tajribasini Toshkent viloyatida ham joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, Mirobod hokimligi tomonidan Parkent tumanida Taras Shevchenko koʻchasiga oʻxshash loyiha tashkil etiladi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning maʼlum qilishicha, koʻcha ishga tushirilgandan soʻng sayyohlar oqimi uch barobarga oshgan.