Toshkent metrosining taʼmirlash uchun yopilgan “Yerusti halqa yoʻli” ochilishi 1 noyabrga qoldirildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish maqsadida 14 ta bekatdan iborat “Texnopark – Qipchoq” bekatlari oraligʻida metro poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatilgan edi. Bu vaqt davomida yoʻl holatlari toʻgʻrilandi, nosoz shpallar almashtirildi, drenaj tizimi holati oʻrganildi, shagʻallar tekshiruvdan oʻtkazildi.
Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangach, yoʻnalish 2025 yil 18 oktyabrdan boshlab odatdagi tartibda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshlashi maʼlum qilingandi. Biroq sinov jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda kelgusida poyezdlar harakatini oldingiga nisbatan ikki barobar tezlashtirish, shuningdek oraliq vaqt intervallarini maksimal darajada qisqartirish maqsadida 1 noyabr sanasi atrofida ochilishi kutilmoqda.
Hozirgi paytda ushbu yoʻnalishda poyezdlar sinov tariqasida (yoʻlovchilarsiz) harakatlanmoqda. Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha texnik talablar toʻliq tasdiqlangach, yoʻnalish yoʻlovchilar uchun oʻz faoliyatini qayta boshlaydi.
Yoʻlovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida “Texnopark”—“Qipchoq”—“Texnopark” metro bekatlari oraligʻida bepul xizmat koʻrsatuvchi katta sigʻimli avtobuslar (metrobus) harakati yoʻlga qoʻyilgan.


