Oʻzbekiston avgust oyida 2 tonna oltin sotib oldi, shunga qaramay, oltin sotishda dunyo boʻyicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu haqda Jahon oltin kengashi xabar berdi.
Avgust oyida yettita mamlakat markaziy banklari oʻz oltin zaxiralarini 1 tonnadan koʻproqqa oshirdi.
Shu jumladan, Oʻzbekiston Markaziy banki avgust oyida 2 tonna oltin xarid qildi. Biroq yil boshidan buyon mamlakat oltin-valyuta zaxiralarida oltinning fizik hajmi 17 tonnaga kamayib, 366 tonnani tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston oltin sotishda dunyo boʻyicha yetakchilik maqomini saqlab qolmoqda.
Avgustda dunyo boʻyicha qimmatbaho metallning eng yirik xaridori Qozogʻiston boʻlib, u ketma-ket oltinchi oy 8 tonna oltin sotib oldi. Natijada Qozogʻiston Milliy bankining oltin zaxirasi 316 tonnaga yetdi — bu 2024 yil oxiriga nisbatan 32 tonna koʻp.
Qolgan davlatlar, jumladan, Bolgariya, Turkiya, Xitoy, Chexiya va Gana 2 tonnadan oltin xarid qildi. Qimmatbaho metallning yagona sotuvchilari Rossiya va Indoneziya banklari boʻlib, ular mos ravishda 3 va 2 tonna oltin sotdi. WGC Rossiyaning oltin zaxiralari qisqarishini uning tanga zarb qilish dasturi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qildi.
Iyun oyida Oʻzbekiston Markaziy banki 9 tonna oltin xarid qilgan, bu bilan 4 oylik sotuvlar seriyasiga yakun yasab, dunyodagi eng koʻp oltin sotib olgan mamlakat boʻlgandi.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yilning yanvar avgust oylarida Oʻzbekiston 8,42 mlrd dollarlik oltin sotdi — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan (4,99 mlrd dollar) pul koʻrinishida 68,9 foizga koʻp. Bu davrda oltin yetkazib berish 2023 yildagi tarixiy maksimal koʻrsatkichni (8,15 mlrd dollar) ortda qoldirdi. Bu — 2024 yilgidan (7,48 mlrd dollar) ham yuqori koʻrsatkich.


