Hukumat qarori bilan “Kam taʼminlangan yoki kambagʻal oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) ijtimoiy karta orqali xarid qilinganda, soliq summasi oyiga BHMning 10 baravarigacha boʻlgan xaridlar summasi doirasida qaytariladi.
Soliq qoʻmitasi avtomatlashtirilgan dastur orqali aniqlangan soliq summasi boʻyicha buyurtmani ijtimoiy kartadan toʻlovlar amalga oshirilgan kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga Soliq qoʻmitasining maxsus hisobvaragʻiga buyurtma olgan kunda toʻlangan soliq summasini qaytarib berish uchun mablagʻlarni oʻtkazadi.
Soliq qoʻmitasi soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning reyestrini vakolatli bankka 1 ish kunida taqdim etadi.
Vakolatli bank pul mablagʻlarini 1 ish kunida soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning ijtimoiy kartalariga oʻtkazadi.


