Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qimmatli qogʻozlar bozorida qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar qoʻllanadi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrugʻi bilan qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom huquqiy intizomni kuchaytirish, shaffoflikni oshirish va qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Sanksiyalar qonunchilik talablarini buzgan qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilariga nisbatan qoʻllaniladi. Ishtirokchilarning mansabdor shaxslariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq maʼmuriy jazo choralari qoʻllanishi mumkin.

Ishlarni koʻrib chiqish va sanksiyalar qoʻllash boʻyicha vakolatli organ – Istiqbolli loyihalar milliy agentligi. Maʼmuriy huquqbuzarlik belgilari mavjud boʻlganda ishlar belgilangan tartibda sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi.

Ishni koʻrib chiqish asoslari:

  • fuqarolar va yuridik shaxslarning ariza va shikoyatlari;
  • tekshirish va hisobot materiallari;
  • OAVdagi xabarlar va boshqa axborot manbalari.

Ishni koʻrib chiqish uchun komissiya tuziladi, uning shaxsiy tarkibi Agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Tarkibga Agentlik xodimlari, davlat organlari va kasbiy birlashmalar vakillari kiritilishi mumkin.

Zarurat tugʻilganda komissiya banklar bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda Markaziy bank bilan kelishgan holda ekspertlarni jalb qilishga haqli.

Komissiya ishni bir oy mobaynida koʻrib chiqadi, muddatni bir oydan ortmagan muddatga uzaytirish mumkin.

Nizomda ishning barcha ishtirokchilari – jumladan javobgarlikka tortilayotgan shaxs, ariza beruvchilar, ekspertlar va guvohlar xabardor qilinishi va komissiya majlislarida ishtirok etish huquqiga ega ekanligi nazarda tutilgan. Ularning ish materiallari bilan tanishish, dalillar taqdim etish, muhokamada ishtirok etish va komissiya qarorlariga eʼtiroz bildirish huquqi mustahkamlangan.

Ishni koʻrib chiqish yakuni boʻyicha komissiya quyidagilar haqida qaror qabul qilishi mumkin:

  • qonunbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma berish;
  • litsenziya yoki ayrim operatsiyalarni toʻxtatib turish;
  • ishni sud yoki boshqa organlarga yuborish;
  • ish yuritishni toʻxtatish.

Qarorlarlarga sud tartibida eʼtiroz bildirilishi mumkin. Sudga murojaat qilganda eʼtiroz qilinayotgan qarorni ijro etish sud hujjati qonuniy kuchga kirgunicha toʻxtatib turiladi.

Qonun buzuvchilar qonunbuzarlik aniqlangan paytdan eʼtiboran uch yil mobaynida javobgarlikka tortilishi mumkin.