Eksportchilar oʻzbek soʻmining mustahkamligidan shikoyat qilib, milliy valyutani zaiflashtirishga chaqirdi. Bu haqda 4 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan eksportchi korxonalar vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda soʻz bordi.
“Eksportni rivojlantirish uchun faqat soliq va boshqa imtiyozlar bilan cheklanib qolmaslik kerak. Markaziy bank ushlab turilgan dollar kursini qoʻyib yuborishi kerak, deb oʻylayman”, — dedi toʻqimachilik kompaniyasi vakili.
Uning soʻzlariga koʻra, milliy valyutada ifodalangan xarajatlar oʻsib bormoqda, dollar kursi esa pasaymoqda. Tadbirkor soʻmdagi xarajatlarning oshishi eksportchilar uchun katta muammolarni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirdi. Toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berishda mahalliy biznes Xitoy, Bangladesh va Misr bilan tannarx boʻyicha raqobatlashadi.
“Agar dollar kursi qoʻyib yuborilsa, bu eksportchilar muammolarining 70−80%ini hal qiladi,” — deya qoʻshimcha qildi u.
Markaziy bank raisi oʻrinbosari Ayubxon Kamalov regulyator valyuta kursining shakllanishiga aralashmasligini aytib, birjada (OʻzRVB) xorijiy valyutani istalgan hajmda sotib olish va sotishni taklif qildi.
«Soʻnggi 2−3 oy ichida dollar kursi keskin tebranmoqda: goh koʻtarilib, goh pasayib ketmoqda. U pasayganda hamma vahimaga tushadi: nega pasayapti, deb. Koʻtarilganda esa nega koʻtarilyapti, deb soʻrashadi. Marhamat, birja mavjud — xohlaganingizcha soting va sotib oling», deya taʼkidladi u.
Markaziy bank rais oʻrinbosari eksportchilarga oʻzlari uchun maqbul boʻlgan dollar kursini aytishni, soʻngra bu taklifni muhokamaga qoʻyishni tavsiya etdi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov dollarning istalgan kursi 16−17 ming soʻm atrofida ekanligini maʼlum qildi.


